Ilm-fandagi qarashning isboti, AQShning peshqadamligi yoxud suv sporti turlari boʻyicha JCh haqida faktlar
Vengriyaning Budapesht shahrida 17-iyun – 3-iyul kunlari oʻtgan suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionati oʻz yakuniga yetdi. Dunyoning eng kuchli sportchilari oʻrtasida kechgan raqobatda AQSh termasi umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ushbu maqolamiz musobaqa atrofidagi qiziqarli faktlar haqida.
Taʼkidlash joiz, peshqadamlikni qoʻlga kiritish amerikaliklarga oson kechgani yoʻq. Kutilganidek, ular bilan Xitoy termasi murosasiz raqobat olib bordi. Har ikki jamoa yakunda bir xil 18 tadan oltin medalga sazovor boʻldi. Faqatgina kumush medallardagi ustunlik amerikaliklarni peshqadamga aylantirdi. Bu borada kuchli beshlik quyidagicha shakllandi:
1. AQSh – 18-14-17 (49, jami medal)
2. Xitoy – 18-2-8 (28)
3. Italiya – 9-7-6 (22)
4. Avstraliya – 6-9-4 (19)
5. Kanada – 3-5-6 (14)
Medallarni yoʻnalishlar kesimiga boʻlsak, AQSHning 18 oltin medalidan 17 tasi suzish dasturlarida qoʻlga kiritilgan. Ular yana bir chempionlikka ayollar oʻrtasidagi suv polosi dasturida sazovor boʻlishdi.
Shuningdek, Xitoy ham oʻzining “shoh” yoʻnalishi hisoblanmish suvga sakrashda yaqqol dominantlik qildi. Chin oʻlkasi vakillari 2011-yildan keyin bu gal ham barcha dasturlarda oltin medallarni oʻzlariniki qilishdi. Ushbu sport turida bu yil 13 ta medallar jamlanmasi oʻynaldi.
Ochiq havzada suzish bahslarida 2 tadan oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan italiyaliklar peshqadam boʻlishdi. Suv polosida erkaklar oʻrtasidagi bellashuvlarda ispanlarga teng keladigani topilmadi.
Sinxron suzish bahslari ham oʻziga yarasha eʼtiborli natijalar bilan diqqat-markazimizda boʻldi. Dastavval solo dasturidagi mashq mobaynida amerikalik Anita Alvaresning hushini yoʻqotgani jahon OAV nigohida boʻldi. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, sportchiga anomal issiq taʼsir qilgan. Hozirda uning ahvoli joyida.
Medallar jamgʻarish boʻyicha ushbu dasturda yana Xitoy jamoasi yetakchilik qildi. Ular 4 ta oltin va 2 ta bronza medallari bilan peshqadamga aylandilar.
Yana bir ahamiyatli tomoni, duet yoʻnalishida ham texnik, ham erkin dasturda shohsupaga koʻtarilgan sportchilarning koʻrsatgan natijasida boʻldi. Nimasi bilan deysizmi? Unda sovrindorlar qatoridan joy olgan barcha sportchilar egizak edi. Bu esa ilm-fanda egizaklarning bir-birlarini his qilishlari qolgan juftliklarga qaraganda kuchli, degan qarash qanchalik haqiqatga yaqin ekanini koʻrsatmoqda. Ushbu dasturda oltin medalga sazovor boʻlgan xitoylik opa-singil Liuyi va Sianyi Vanglar nafaqat duet, balki jamoaviy dasturlarda ham yana 2 tadan, jami 4 ta oltin medalga sazovor boʻlishdi.
Suzish bellashuvlarida jami 3 ta dunyo va 4 ta jahon chempionatlarining rekordi qayd etildi. Eʼtiborlisi, 2011-yildan beri jahon chempionatining suzish bahslarida bunchalik kam jahon rekordlari oʻrnatilmagan edi. Shuningdek, amerikalik Keti Ledeki ketma-ket besh bor dunyo birinchiligida bir yoʻnalishda gʻalaba qozongan dastlabki suzuvchiga aylandi. Ledeki 800 metrga erkin usulda suzish boʻyicha bu gal ham tengsiz boʻldi.
Musobaqa avvalida xabar berganimizdek, unda 7 nafar sportchimiz suzish, sinxron suzish va suvga sakrash dasturlarida ishtirok etishdi. Terma jamoamiz ancha kamtarona natija koʻrsatgan boʻlsa ham, muhimi bu turnir ular uchun ulkan tajriba maktabi boʻldi. Shuningdek, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hamda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ham Budapesht shahriga tashrif buyurib, rasmiylar bilan uchrashuvda koʻplab istiqbolli rejalarni muhokama qilib olishdi.
Aslida, musobaqa haqida yana bir qator qiziqarli faktlarni uchratish mumkin. Ammo ular orasida diqqatga sazovor qismlari shulardan iborat edi.