Mamlakatimiz sportining ko‘zgusi hisoblangan Olimpiya shon-shuhrati muzeyi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 14-avgustdagi 284-sonli qarori bilan tashkil etilgan.
Muzeyning tantanali ochilish marosimi 1996 yil 1-sentabrda o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining o‘sha paytdagi prezidenti Xuan Antonio Samaranch ishtirok etishgan.
O‘zbekiston Olimpiya shon-shuhrati muzeyi Olimpizm qadriyatlarini hamda «halol o‘yin» tamoyillarini targ‘ib qilishda, O‘zbekiston sportchilarini olamshumul g‘alabalari va mamlakatimizda Olimpiya xarakatini rivojlantirish tarixi to‘g‘risida keng jamoatchilikni bohabar qilishda muhim o‘rin egallaydi. Shu maqsadda muzeyda Vatanimiz sportchilarining Olimpiya o‘yinlari hamda xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan nufuzli musobaqalarda qo‘lga kiritgan g‘alabalarini o‘zida aks ettiruvchi turli mavzudagi ekspozitsiyalar va ko‘rgazmali tadbirlarni doimiy ravishda tashkil etiladi.
O‘zbekiston Olimpiya shon-shuhrati muzeyida 2000 dan ortiq ekponat o‘rin egallagan bo‘lib, shundan mingdan ortig‘i doimiy ekspozitsiyaga qo‘yilgan. Muzeyda medallar, kuboklar, mayoqlar, pochta markalari, sport anjomlari va kiyim-kechaklari ko‘p miqdorda ko‘rgazmaga qo‘yilgan.