O’yinlar tarixi

OLIMPIYA O‘YINLARI TARIXI

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, birinchi Olimpiya o‘yinlari miloddan avvalgi 776 yilda o‘tkazilgan. Musobaqalar Olimpiya xudolariga bag‘ishlangan va Olimpiya qishlog‘i hududida bo‘lib o‘tgan. Oradan deyarli o‘n ikki asr vaqt o‘tgach, milodiy 393 yilda imperator Feodosiy musobaqalarni bekor qilishga qaror qilgan.

Qadimiy olimpiya o‘yinlari Olimpiya qishlog‘ida o‘tkazilgan.

Sportchilar

XII asr davomida Olimpiya qishlog‘ida joylashgan stadion va ippodromda juda ko‘plab sportchilar musobaqalarda ishtirok etishgan. Ular o‘zlarning hayratomuz natijalari orqali minglab tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lganlar. Olimpiya o‘yinlari g‘oliblarining ismi tarixda qolgan.

Ushbu qadimiy o‘yinlarda Gretsiyada yashovchi barcha erkaklar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan. Magara Orsiplik general, cho‘pon Polimpinist, Rodos Diagor qirollik oilasi vakili, Makedoniya qiroli Aleksandr I, faylasuf Demokritlar shular jumlasidandir.

Turmush qurgan ayollar musobaqalarda tomoshabin sifatida ham ishtirok eta olmaganlar. Turmushga chiqmagan qizlar esa o‘yinlarni bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lganlar.

G‘oliblar musobaqalar yakunlanishi bilan taqdirlangan. G‘alaba qozongan sportchi nomi eʼlon qilinganidan so‘ng Elllanodikes (yunon hakami) sportchiga palma yaprog‘ini taqdim etgan. O‘z o‘rnida tomoshabinlar yangi qahramonga gullar tuhfa etishgan. G‘olibning boshi va qo‘liga qizil lentalar taqishgan. Bu uning g‘olib ekanligini bildirardi.

Rasmiy taqdirlash marosimida esa o‘yinlarning oxirgi kuni Zevs ibodatxonasida o‘tkazilgan. Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari ismi, otasining ismi va tug‘ilgan joyi maʼlum qilingan.

Sport turlari

Avvaliga Olimpiya o‘yinlari bir kunda o‘tkazilgan. Miloddan avvalgi 684 yilda o‘yinlar uch kunga uzaytirilgan. V asrdan boshlab esa besh kunga cho‘zilgan.

Qadimiy Olimpiya o‘yinlari dasturida yakkakurashning uch hil turi – boks, kurash va pankration bo‘lgan. Shuningdek, yugurish, uzunlikka sakrash, disk va nayza uloqtirish, chavandozlar bellashuvi o‘tkazilgan.

Yugurish

Yugurish musobaqalari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil qilingan:

«marragacha yugurish» – stadionning oxiridan boshlab maʼlum bir masofagacha yugurish (200 metr).
«ikki marta yugurish» – sportchilar marragacha yugurib yana ortga qaytib kelishgan (400 metr).
«uzoq masofaga yugurish» – 7 bosqichdan 24 bosqichgacha bellashuvlar. Sportchilar marrani bir necha marta bosib o‘tadilar.

Boks

Bokschilar barmoqlarni jamlab olish uchun (hozirgi qo‘lqoplar o‘rniga) maxsus kamarlar o‘rab olishgan. Avvaliga ular yumshoq edi, biroq vaqt o‘tgani sayin ular qattiqlashib bordi. Raqibdan zarba o‘tkazmay g‘alaba qozona olgan bokschilar alohida eʼtirofga sazovor bo‘lganlar. Qoidaga ko‘ra, raqibni ushlab olish, oyog‘idan chalish va oyoqda zarba berish taqiqlangan. Ular charchagan vaqtida dam olish uchun vaqt ham berilgan. Dam olishdan so‘ng ham g‘oliblar aniqlanmasa, bokschilar bir-birlariga zarba berganlar. U vaqtda raqib o‘zini himoya qilmasdan turgan. Ana shu zarbalardan so‘ng javob qaytara olmagan bokschi mag‘lubiyatga uchragan.

Kurash

Zarba berish taqiqlangan. Kurashning ikki yo‘nalishi mavjud bo‘lgan. Bellashuvlar ikki hil yo‘nalishda olib borilgan: turgan holatda va yumshoq tuproqlarda. Kurash harbiy tayyorgarlik sifatida ham qaralgan. Janglar sportchilardan biri mag‘lubiyatga uchraganini tan olganidan so‘nggina yakuniga yetgan.

Pankration

Boks va kurash qoidalarini o‘zida aks ettirgan yakkakurash turi. Pankration qiyin sport turlaridan biri hisoblangan. Sportning ushbu turini o‘yinlar dasturiga ulkan sherni yer tishlata olgan Gerakl sharafiga kiritishgan. Qadimiy yunon yozuvchisi Filostrat shunday degandi: «Pankrationdagi ideal jangchi bu bokschidan zo‘r kurashadigan va kurashchidan zo‘r boks tushadigan sportchidir».

Sakrash

Atletlar sakrash vaqtida qo‘llariga tosh yoki maxsus narsa ushlab olganlar. Bu orqali ular sakrash masofasini yana-da uzaytirish mumkin deb hisoblashgan.

Disk uloqtirish

Disk uloqtirish sportning qadimiy turlaridan biri hisoblanadi. Disklar tosh va bronzadan yasalgan. Vazni 2 kilogrammdan 6 kilogrammgacha bo‘lgan. Diametri esa 21-34 santimetrni tashkil etgan.

Ot sporti

Bellashuvlar ippodromda tashkil etilgan. Bellashuvlar kattalar va yoshlar o‘rtasida alohida tashkil qilingan. Shuningdek, katta otlar va kichik otlar bo‘yicha ham saralangan. Yugurish va yakkakurashlardan farqli ravishda ushbu musobaqada faqatgina boy gretsiyaliklar va ot boqishga qurbi yetgan qirollik oilasi vakillari ishtirok eta olganlar. Aynan ot egalari musobaqa g‘olibi deb topilgan.

Beshkurash

Beshkurash yugurish, disk uloqtirish, nayza uloqtirish, uzunlikka sakrash va kurash bo‘yicha bahslarda iborat bo‘lgan. Barcha sport turlari bir kunda, tartib asosida tashkil qilingan.

Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izohingiz yoki to`gri versiya:

Close menu