Osiyo o‘yinlari dasturiga ilk bor kiritilgan elektron sport bo‘yicha jamoamizning ishtiroki muhokama markazida
Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari dasturidan kibersport o‘yinlari ham o‘rin olgan bo‘lib, bo‘lajak musobaqada katta tarkib bilan ishtirok etishni niyat qilgan delegatsiyamiz mazkur yo‘nalishda ham sportchilarimizni O‘yinlarga jalb qilishni ko‘zda tutgan.
Ayni paytda mamlakatimizda kibersport bo‘yicha 2 ta rasmiy tashkilot – O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi hamda O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi faoliyat olib bormoqda.
Osiyo Olimpiya Kengashi 2021 yil 5 dekabrdagi xati bilan Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan jamoani shakllantirish huquqi Milliy Olimpiya qo‘mitasiga berilganligi, elektron sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa sportchilari va rasmiy shaxslarni qayd etish va ishtirokini ta’minlash uchun Milliy Olimpiya qo‘mitasi mas’ul ekanligini ma’lum qilgan edi.
Mazkur masala yuzasidan 2022 yil 12 yanvarda Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi hamda O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etilib, o‘zaro kelishgan holda Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘radigan milliy terma jamoani shakllantirish va natijasi yuzasidan Milliy Olimpiya qo‘mitasiga taklif kiritish vazifasi yuklatilgan edi. Lekin, har ikki tashkilot o‘rtasida yuzaga kelgan bahsli masalalar sababli shu kunga qadar kelishilgan taklif kiritilmadi.
Shu bois, Milliy Olimpiya qo‘mitasida elektron sport turlari bo‘yicha kuchli milliy terma jamoani shakllantirish hamda ularni bo‘lajak Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorlash yuzasidan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, har ikki tashkilot rahbariyati, kibersport bo‘yicha mamlakat chempioni, jahon chempionati ishtirokchisi Abusapi Qayumov va shu sohaning boshqa mutaxassislari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi respublika miqyosida tanlov o‘tkazish, unda saralash bosqichlari orqali g‘alaba qozongan jamoani tanlov musobaqasiga tavsiya etish yuzasidan taklifni ilgari surdi.
O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi tomonidan esa o‘z faoliyati davomida o‘tkazilgan turnirlar asosida jamoani shakllantirish va tanlov musobaqalariga tavsiya etish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Biroq, Osiyo Olimpiya Kengashining yo‘llagan murojaatida bildirilgan tavsiyalar, qolaversa, mamlakatimizda bu yo‘nalishda ikkita tashkilot borligini inobatga olib, Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan har ikki tashkilot taqdim etgan talabnoma asosida maxsus tanlov musobaqalari tashkil etilishi belgilandi. Mazkur tanlov musobaqasida ishtirok etish uchun har ikki tashkilot joriy yil 5 may kuniga qadar o‘z jamoalari tarkibini o‘zlarining federatsiya (assotsiatsiyalari) tomonidan belgilangan tartibda shakllantirishi hamda taqdim qilishi zarur.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan esa elektron sport boshqaruviga oid har ikki tashkilot o‘rtasida halol raqobat va sport tamoyillari asosida joriy yil 10 mayga qadar Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan 8 ta sport turlari bo‘yicha, tasdiqlangan nizom asosida tanlov musobaqalari o‘tkaziladi.
Buning uchun Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda tashkiliy qo‘mita tuziladi, tanlov musobaqalarini o‘tkazish nizomi, hakamlar tarkibi, o‘tkazish muddati va joyi tasdiqlanadi, musobaqani yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘riladi.
Musobaqa natijalariga qarab, g‘alaba qozongan kibersportchilardan iborat milliy terma jamoa shakllantiriladi hamda Xanchjou-2022 XIX Osiyo o‘yinlarida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tkaziladi, shuningdek, ularni Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorlash va ishtirokini ta’minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi va tegishli ishlar olib boriladi.