21 Aprel 2022 1413

Rustam Ro‘ziyev: “Rejada 1 ta bronza medali, lekin maksimumga harakat qilamiz”

Avval xabar berganimizdek, slalomda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ayni kunlarda Toshkent viloyatidagi Ugom daryosida yig‘inni davom ettirmoqda. Biz ushbu sport turi bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi Rustam Ro‘ziyev bilan yig‘in tafsilotlari va oldinda turgan rejalar haqida suhbat tashkil qildik.

– Ma’lumki, mart oyida slalomda eshkak eshish bo‘yicha vakillarimiz Osiyo chempionatida ishtirok etib, muvaffaqiyat qozonishdi. Mazkur startda sportchilarimizning ishtirokiga qanday baho berasiz?
– Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Albatta, bu natija ancha yaxshi. Chunki terma jamoamiz so‘nggi bor 2018 yilgi qit’a chempionatida medallarni qo‘lga kiritgan edi. Shundan keyin koronavirus pandemiyasi sabab bizning sportda OCh o‘tkazilmadi. 2021 yilda Tokio-2020 saralash musobaqasi bo‘ldi. Biroq unda jamoamizni Olimpiada litsenziyasidan 2 soniya ajratib qolgan.

– Tailanddagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik qanday kechgan edi?
– Bu musobaqaga o‘tgan yil oktyabr oyidagi jahon chempionati yakunlanishi bilanoq tayyorgarlikni boshlagan edik. Mashg‘ulotlarning birinchi bosqichi poytaxtimizdagi Bo‘zsuv kanalida o‘tdi. Unda sportchilarning jismoniy va texnik ko‘rsatkichlarini yaxshilab oldik. Bundan tashqari, sportchilarning chidamliligi va texnikasini yanada oshirish maqsadida Toshkent dengizida tinch suv ustida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Yanvar oyidan boshlab yana Toshkentda, so‘ng Turkiyada tayyorgarlik ko‘rdik. Turkiyada bizga xorijlik mutaxassis Pavel Smirnov qo‘shildi va mashg‘ulotlarni o‘tkazishda yordam berdi. Bugun u biz bilan Toshkent viloyatida ham ishlamoqda.

– O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasi slalom bo‘yicha milliy terma jamoaga xorijlik mutaxassislarni jalb qilganmi?
– Aynan slalomda terma jamoamiz tarixida xalqaro ekspertlar hech qachon ishtirok etmagan. Bu ayni davrda ilk bor yo‘lga qo‘yilgan tajriba. Biz butunlay yangi bosqichga ko‘tarilmoqchimiz. Jamoamiz Olimpiya o‘yinlariga litsenziyani o‘tgan safardagidek qit’aviy kvalifikatsiya orqali emas, balki jahon chempionati orqali qo‘lga kiritmoqchi. Biz plankani balandroq qilib qo‘ydik va o‘ylaymanki, buning uchun jamoamizda barcha imkoniyat va sharoitlar bor. O‘z oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun xorijlik mutaxassisni jalb etdik.

– Pavel Smirnovni milliy terma jamoaga jalb qilishdan qanday maqsad ko‘zlangan?
– Pavel Smirnov boy tajribaga ega sobiq sportchi. U Jahon kubogi g‘olibi, jahon chempionatlarining finalchisi hisoblanadi. Undan o‘rganish kerak bo‘lgan ko‘p narsa bor. Ushbu mutaxassis jahon arenasida mamlakat sharafini munosib himoya qilish yo‘lida sportchilarni to‘g‘ri yo‘naltirishni biladi.

– Ushbu o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qaysi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘zda tutilgan?
– Biz bu bilan yilning asosiy musobaqalaridan biri – Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikni davom ettirmoqdamiz. Undan oldin xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va jahon chempionati ham bor. Ularda sportchilarimizning saviyasini avvalgi ko‘rsatkichlar bilan solishtirish, shuningdek, atletlarimizning mahoratini oshirish va sayyoramizning navbatdagi chempionati oldidan sportchilarning qobiliyatini aniqlashimiz kerak. Zero, kelgusi yil Parij-2024 Olimpiadasi uchun yo‘llanma beruvchi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.

– Osiyo o‘yinlarida qatnashadigan terma jamoa tarkibi aniqlandimi va Xanchjou-2022 uchun qanday rejalar bor?
– Osiyo o‘yinlariga 2 nafar baydarka va 2 nafar kanoechini olib borishni rejalashtirganmiz. Qoidaga ko‘ra, final bosqichiga ularning faqat 1 nafari yo‘l olishi mumkin. Shuningdek, C-1 (kanoe) yo‘nalishi bo‘yicha bir sportchi qizimizni ham tarkibga jalb qilishni rejalashtirganmiz. Shu paytgacha slalomda qizlarimiz Osiyo o‘yinlarida qatnashishmagan. Rejamizda 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritish maqsadi bor. Lekin har qachon maksimum natijaga harakat qilamiz.

Text to speech