8 Aprel 2023 2437

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda futbolning ommaviyligini yanada oshirish, istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash hamda professional darajada tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish, trener va hakamlarni xalqaro talablar asosida tayyorlash va mahoratini yuksaltirish, futbol infratuzilmasini yaxshilash hamda o‘rnatilgan standartlarga moslashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar futbolni yanada ommalashtirish va rivojlantirishning qo‘shimcha yo‘nalishlari etib belgilansin:

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA)ning aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida futbolni yanada ommalashtirishga qaratilgan maxsus dasturlari asosida har yili mahalla yoshlari o‘rtasida, jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Ommaviy futbol” (Grassroots) festival va musobaqalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Maktablarda futbol”, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Talabalar ligasi” respublika musobaqalarini o‘tkazish;

yoshlarning futbolga qiziqishini oshirish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, ularning futbol bilan shug‘ullanishi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish;

ayollar o‘rtasida futbolni rivojlantirish, bu borada uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli reja va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning futbol bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda ular o‘rtasida muntazam musobaqalar tashkil etish;

terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini yaratish, iqtidorli futbolchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning raqamlashtirilgan tizimini joriy qilish;

futbol infratuzilmasini moddiy-texnik jihatdan yanada yaxshilash hamda xalqaro talablarga moslashtirish;

futbol bo‘yicha malakali trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish;

hududlarda futbol klublari, bolalar va o‘smirlar, ommaviy futbolni rivojlantirish maqsadida chet ellik mutaxassislarni jalb etish va xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish;

ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda futbolni targ‘ib qilish hamda bu jarayonda yuqori darajali axborot va multimedia mahsulotlaridan foydaлaniшni yanada kengaytirish.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

a) har yili O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mablag‘lari hisobidan:

mart-iyun oylarida mahalla yoshlari hamda qizlari o‘rtasida “Ommaviy futbol” dasturi doirasida futbol festivallari;

10 dekabr – Butunjahon futbol kuni munosabati bilan aholi o‘rtasida ommaviy “fleshmob” tadbirlari;

sentyabr-may oylarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida“Maktablarda futbol” dasturi doirasida futbol musobaqalari, mahorat saboqlari va festivallari o‘tkazib boriladi;

b) har yili sentyabr-may oylarida oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “Talabalar ligasi” dasturi doirasida uch bosqichli respublika futbol musobaqalari o‘tkaziladi.

3. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A.Azizov) Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov), Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (H.Umarova) hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov) bilan birgalikda bir oy muddatda:

“Ommaviy futbol”, “Maktablarda futbol” va “Talabalar ligasi” dasturlari doirasida futbol tadbirlarini o‘tkazishning yagona tartibini tasdiqlasin;

ushbu musobaqalar va turnirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini qabul qilsin;

mazkur musobaqalar va turnirlarni o‘tkazish jarayoni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

4. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov) O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A.Azizov) bilan birgalikda ikki oy muddatda:

davlat oliy ta’lim muassasalarida ularning moddiy-texnika bazasidan kelib chiqib, futbol bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi seksiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘ysin;

davlat oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud sport  inshootlari va futbol maydonlarining doimiy faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash choralarini ko‘rsin;

har bir davlat oliy ta’lim muassasasining futbol va futzal bo‘yicha jamoalarini shakllantirsin hamda ularning “Talabalar ligasi” dasturi doirasida o‘tkaziladigan respublika musobaqalarida to‘liq ishtirok etishini ta’minlasin;

oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlashda mazkur band talablari inobatga olinishini nazarda tutsin.

5. Quyidagilar: 

futbol bo‘yicha hududiy va milliy terma jamoalar hamda professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini yaratish maqsadida Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi futbol mahorat maktablari amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda O‘zbekistonfutbol assotsiatsiyasi tasarrufiga o‘tkazilsin va ular futbol akademiyalari sifatida qayta tashkil etilsin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi futbol maktablari (keyingi o‘rinlarda – futbol maktablari) tashkil qilinsin;

Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi ayrim sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining futbol maydonlari futbol maktablari balansiga o‘tkazilsin;

moslashtirilgan binolarda joylashtirilgan, past samarali futbol maktablarini optimallashtirish hisobiga ularning mol-mulki, sport anjomlari va trener kadrlari futbol maktablari moddiy-texnika va o‘quv bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilsin.

6. Belgilansinki:

futbol maktablari sport yo‘nalishidagi maktabdan tashqari sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi;

futbol maktablari direktorlari, direktorlarning sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, trenerlari mehnatiga haq to‘lash, shuningdek,  ularning mehnatini rag‘batlantirishga sport maktablari xodimlari mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirishda belgilangan sharoitlar tatbiq etiladi;

futbol maktablari tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi, shuningdek, ularni moddiy rag‘batlantirishda sport maktablari uchun belgilangan moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi;

kelgusi yillarda futbol maktablari professional futbol klublariga bosqichma-bosqich biriktiriladi.

7. Quyidagilar:

a) futbol maktablarining asosiy vazifalarietib belgilansin:

yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni saralab olish (seleksiya) tizimini yo‘lga qo‘yish, bolalar va o‘smirlarni futbol bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish;

bolalar va o‘smirlar o‘rtasida ularning sog‘lig‘ini mustahkamlashga, har tomonlama jismoniy kamol topishiga va sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirishga yo‘naltirilgan sport va tarbiyaviy ishlar olib borish;

bolalar va o‘smirlarda futbol bilan shug‘ullanish qobiliyatini erta aniqlash va ularda futbolga bo‘lgan barqaror qiziqishni rivojlantirish;

futbol mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun malakali trenerlar tarkibini tanlash, o‘quv-tarbiya tizimini tashkil etishning eng yangi usullarini qo‘llagan holda sport zaxirasi va yuqori mahoratli futbolchilar tayyorlash yuzasidan o‘quv-mashq jarayonini yo‘lga qo‘yish;

barcha yosh toifalari bo‘yicha futbol akademiyalari va klublariga mahoratli sportchilarni yetkazib berish;

tajriba almashish maqsadida turli futbol tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, futbolchilarning sport mahoratini, shuningdek, trenerlar va boshqa mutaxassislarning kasb malakasini oshirish;

b) futbol maktablarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari mablag‘lari;

faoliyat ixtisosligi bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va maktabning ustavidagi vazifalarga muvofiq bo‘lgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

asosiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydigan vaqtda bo‘sh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A.Azizov):

a) uch oy muddatda:

futbol maktablari va futbol akademiyalarining ustavini tasdiqlash, shuningdek, ularni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

futbol maktablari va futbol akademiyalarini zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallagan malakali trenerlar hamda pedagog kadrlar bilan bosqichma-bosqich to‘ldirish choralarini ko‘rsin;

b) O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda futbol maktablari va futbol akademiyalarida sportchilarni tayyorlash sifati yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirsin;

v) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda futbol maktablari va futbol akademiyalarining boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

g) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilarini futbol maktablari va futbol akademiyalarida shug‘ullanish uchun jalb etish choralarini ko‘rsin.

9. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A.Azizov) Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) bilan birgalikda uch oy мудdaтda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi futbol akademiyalari hamda futbol maktablarining boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini Hukumatga kiritsin.

10. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligining 2023 yil 1 iyuldan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullansin:

nodavlat futbol maktablari va futbolni rivojlantirish sohasida faoliyat yuritayotgan boshqa nodavlat tashkilotlar (nodavlat futbol muassasalari) uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi a’zosi bo‘lishi talabi o‘rnatiladi;

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan nodavlat futbol muassasalarining reytingi yuritiladi hamda reyting natijalari keng jamoatchilikka e’lon qilib boriladi.

11. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A.Azizov) quyidagilarni amalga oshirsin:

Xorvatiya, Yaponiya va boshqa davlatlarning tajribasini malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘zbek futboliga tatbiq etish. Bunda, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda hududiy bolalar-o‘smirlar futbol akademiyalarining “texnik direktor” lavozimiga xorijiy davlatlarning tajribasi va tizimini joriy qilish bo‘yicha malakali mutaxassislarni jalb qilish;

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA), Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga muvofiq futbol uchrashuvlarida adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida VAR (Video Assistant Referee, video yordamchi hakam) tizimidan foydalanishni yanada kengaytirish;

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Futbol bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash markazida futbol bo‘yicha “futbol tahlilchisi”, “futbol seleksioneri” (skaut), “futbol menejeri”, “futbol marketologi”, “futbol shifokori”, “futbol psixologi”, “sport farmakologi”, “sport diyetologi” kabi mutaxassislarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘ysin.

12. Belgilab qo‘yilsinki:

sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining futbol bo‘yicha trenerlariga bosqichma-bosqich Osiyo futbol konfederatsiyasining trenerlar ta’limi bo‘yicha talablari joriy etiladi;

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining futbol guruhlari faoliyatini samarali tashkil etish hamda iqtidorli futbolchilarni seleksiya qilish orqali ularni keyingi bosqichdagi futbol maktablari va akademiyalariga yo‘naltirib borish yuzasidan doimiy monitoring o‘rnatsin.

13. “O‘zmetkombinat” AJ (R.Pirmatov), “Olmaliq KMK” AJ (A.Xursanov), “Navoiy KMK” AJ (Q.Sanaqulov) va “O‘zbekneftgaz” AJ (B.Sidiqov)larning futbolni rivojlantirishga homiylik xayriya yordamini ko‘rsatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov):

bir oy muddatda futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi va Proligasining professional futbol klublarini homiy tashkilotlarga biriktirsin;

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining 2024 yil Parij shahri (Fransiya) va 2028 yil Los-Andjeles shahri (AQSH)da bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi “OLYMPIC Professional futbol klubi”ni qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilab borsin.

Bunda, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, O‘zbekiston Professional futbol ligasi va professional futbol klublarining faoliyatini moliyalashtirishga yuridik shaxslar tomonidan yo‘naltiriladigan homiylik va xayriya yordami shaklidagi mablag‘lar summasi foyda солиғиni hisoblashda soliq solinadigan foydadan chegirib tashlanadi.

14. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A.Azizov) Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.Ortiqov) bilan birgalikda uch oy muddatda  O‘zbekiston Superligasi va Proligasining professional futbol klublariga homiylik va xayriya ko‘rsatgan, shuningdek, ommaviy savdolarga qo‘yilgan futbol klublarini sotib olgan investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda ularga qo‘shimcha yengilliklar yaratish yuzasidan takliflarni kiritsin.

15. 2026 yil 1 aprelga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, O‘zbekiston Professional futbol ligasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi, professional futbol klublari va akademiyalari belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga asosan futbol bo‘yicha sport ob’ektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur bo‘lganO‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va texnologiyalari, inventarlari, translyatsiya qilish bilan bog‘liq barcha asbob-uskunalar va texnikalar, farmakologiya mahsulotlari, sport ozuqalari, futbol (futzal) maydonlari uchun sun’iy o‘tlar, shokpad, granulalar, maxsus yelim va maxsus professional sport kiyimlari, maxsus texnika va transport vositalarini olib kirganlik uchun bojxona bojini to‘lashdan ozod qilinsin.

16. Ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan professional futbol klublariga sport asbob-uskunalari, inventarlari, farmakologiya mahsulotlari, sport ozuqalari, futbol (futzal) maydonlari uchun sun’iy o‘tlar, shokpad, granulalar, maxsus yelim, maxsus professional sport kiyimlarini, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qilishga ruxsat berilsin.

17. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin.

18. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning manbalari etib belgilansin:

Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

“O‘zmetkombinat” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” AJ va “O‘zbekneftgaz” AJlarning homiylik mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

19. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) 2023 yildan boshlab har yili Jamg‘armani qo‘llab-quvvatlash uchun Davlat byudjetidan 25 milliard so‘m yo‘naltirsin.

20. Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlarga sarflanadi:

ommaviy va professional futbolni rivojlantirish, zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar xarid qilish;

futbol mutaxassislarini ilg‘or o‘qitish metodikalari va innovatsiyalarga o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish xarajatlarini qoplash, shu jumladan, xorijdan jalb etilgan mutaxassislarni rag‘batlantirish;

zamonaviy futbol texnologiyalarini xarid qilish va joriy etish;

futbol bo‘yicha mahalliy mutaxassislarning tajribasini xorijiy mamlakatlarda oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;

alohida namuna ko‘rsatgan terma jamoalarni moddiy rag‘batlantirish, iqtidorli yoshlarni futbolga jalb etish, yangi futbolchilar avlodining ishonchli zaxirasini shakllantirish;

O‘zbekiston futbolchilari, trenerlar va hakamlar tarkibining professional mahoratini oshirishda chet el futbol klublari va federatsiyalari bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

yuqori mahoratli futbolchilar va sport zaxirasini tayyorlashning samarali metodlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-metodik tadqiqotlar o‘tkazishda ko‘maklashish.

21. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev), Adliya vazirligi (A.Toshqulov), O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A.Azizov) bilan birgalikda maxsus ishchi guruhni tashkil qilgan holda 2023 yil yakuniga qadar ilg‘or xorij tajribasi asosida futbolni moliyalashtirish tizimini kengaytirishda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

22. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A.Azizov) Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) bilan birgalikda 2023 yil yakuniga qadar:

respublika hududlaridagi barcha turdagi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, klublarida futbol bilan shug‘ullanayotgan, shuningdek, tuman (shahar), viloyat va respublika sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritilgan musobaqalarda qatnashuvchi futbolchilar to‘g‘risidagi yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirsin va uning Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA)ning FIFA-CONNECTplatformasiga integratsiya qilinishini ta’minlasin;

joylarda futbol bilan shug‘ullanayotgan, shuningdek, musobaqalarda qatnashuvchi barcha futbolchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirsin va yagona ma’lumotlar bazasini yaratsin.

Bunda, yagona ma’lumotlar bazasini yaratish, ishga tushirish va keyinchalik texnik qo‘llab-quvvatlash Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

23. Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) uch oy мудdaтda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi murojaatiga asosan futbol bo‘yicha Superliga, Proliga va O‘zbekiston kubogi musobaqalari o‘tkaziladigan o‘yingohlarni O‘zbekiston futbol hakamlari markazi bilan bog‘laydigan optik tolali aloqa liniyalari bilan ta’minlasin.

24. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov), O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A.Azizov), O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan birgalikda:

a) 2023/2024 o‘quv yiliga qadar xalqaro tajriba asosida O‘zbekistonda futbolchilarni tayyorlash modelini ishlab chiqsin;

b) 2023 yildan boshlab har yili:

futbol sohasidagi xalqaro tashkilotlarning olimlari, mutaxassislari ishtirokida seminar-treninglar, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiyalar va anjumanlar o‘tkazish choralarini ko‘rsin;

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining futbol yo‘nalishi bo‘yicha talabalari bitiruv oldi amaliyotini hududiy futbol akademiyalari va professional futbol klublarida tashkil etsin;

Milliy va xorijiy professional futbol klublari mutaxassislarini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining futbol bo‘yicha dars jarayonlariga jalb qilsin.

25. Quyidagilar:

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tasarrufidagi sport-ta’lim muassasalari va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashning manzilli ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi futbol maktablari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;

Professional futbol klublari huzuridagi faoliyati maqbullashtirilayotgan futbol maktablari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

26. Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Do‘stlik” stadionida Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) tomonidan 2022–2023 yillarda 4 ta zamonaviy futbol maydoni qurish uchun 4,2 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Toshkent viloyati hokimligining 2023–2024 yillarda Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Do‘stlik” stadioni hududida futbol bo‘yicha barcha yosh toifasidagi terma jamoalar shug‘ullanishi uchun byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Terma jamoalar markazini qurish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda, Terma jamoalar markazida 280 o‘rinli zamonaviy mehmonxona, mini-futbol uchun yopiq sport maneji, ilmiy-tadqiqot, tibbiyot va reabilitatsiya markazi, suzish havzasi, oshxona binolari qurilishi, shuningdek, ushbu binolarda Respublika bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasi joylashtirilishi inobatga olinsin.

27. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (B.Zakirov) mazkur qaror asosida qurilishi va ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan inshootlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda eng maqbul me’moriy hamda texnik yechimlar qo‘llanilishini, ularni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.

Belgilansinki, mazkur qaror asosida qurilishi va ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan inshootlarning loyiha hujjatlari Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan kelishiladi.

28. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) 2023–2024 yillarda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan mazkur qarorning 1-ilovasi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tasarrufidagi sport-ta’lim muassasalari va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashning manzilli ro‘yxatiga muvofiq qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.

29. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musayev) Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining talabnomalariga ko‘ra o‘rnatilgan to‘lovlarni undirmagan holda O‘zbekiston Respublikasiga sport turlari bo‘yicha chet ellik trener, sportchi va boshqa mutaxassislarni jalb etishga ruxsatnomalar, shuningdek, mazkur chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishi (uzaytirilishi)ni belgilangan tartibda ta’minlasin.

30. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hududiy futbol assotsiatsiyalarining rahbarlari etib belgilansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:

hududiy futbol assotsiatsiyalari, shuningdek, futbol maktablari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;

turli yosh toifasidagi hududiy terma jamoalar o‘quv-mashg‘ulot markazlarini Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) talablariga muvofiq barpo etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mablag‘ ajratilishini ta’minlasin;

har bir tuman (shahar)da kamida bittadan erkaklar, ayollar futboli va mini-futbol bo‘yicha futbol jamoalari tashkil etilishi va ularning  musobaqalarda muntazam ishtirokini ta’minlasin.

31. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga
oid maqolalar, brifinglar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.

32. Yoshlar siyosati va sport vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

33. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Yoshlar siyosati va sport vaziri A.I.Ikramov hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi A.A. Azizov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi 

        Prezidenti                                                                                                                     Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri, 

2023 yil 7 aprel

Text to speech