5 Aprel 2022 2258

Sport genetikasidan keng foydalanish masalasi muhokama qilindi

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan sport sohasi qatorida uning atrofidagi yo‘nalishlar ham taraqqiy etmoqda. Jumladan genetika bugungi kunda qudratli sport mamlakatlari amaliyotga joriy etgan asosiy yo‘nalishlardan hisoblanadi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida mazkur sohani rivojlantirish, terma jamoamiz vakillarining genetikasini o‘rganish mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda MOQ qoshidagi Respublikasi sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi mutasaddilari, soha shifokorlari genetikaning zamonaviy yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berishdi. Yig‘ilishda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov va Vazir maslahatchisi Avaz Karimov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov, Azizjon Kamilov, Sherzod Tashmatov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev ishtirok etishdi.

Yig‘ilish avvalida “Geno Texnologiya” molekulyar genetika laboratoriyasi rahbari Jamoliddin Ho‘jaahmedov sohaning ahamiyati va so‘nggi yutuqlar haqida taqdimot qildi.

“Zamonaviy laboratoriyamiz orqali bolalarda qaysi sportga moyillik borligini ko‘rsatib bera olamiz. Ayrim hollarda ota-onalar farzandini kurash sportiga bermoqchi bo‘lib kelishadi. Biroq tekshiruvlarimiz buning aksini ko‘rsatgach, ota-onalar buni qabul qilgisi kelmaydigan vaziyatlar uchrab turadi. Chuqur tekshiruvlar bolani yurak qon-tomir tizimi va boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rganib, xulosa taqdim qiladi. Laboratoriyamiz 24 ta gen tekshiruvini o‘tkazganidan so‘ng bolaning haftada nechi kun, nechi mahaldan mashg‘ulot qilishi va uning davomiyligi, ovqatlanish tizimi qanday bo‘lishi bo‘yicha ham ma’lumot olish mumkin", – dedi mutaxassis.

Mutaxassis taqdimot davomida terma jamoalarimizdagi atletlarni ham tekshiruvdan o‘tkazish imkoniyati borligi, shunda ularning mashg‘ulotlarda qancha yuklama olishi va umumiy potensialini bilib olish mumkinligi haqida gapirdi. Yig‘ilish yakunida mutasaddilar taqdimot yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Text to speech