1894-yilda Parijda o‘tkazilgan Xalqaro sport anjumanida Olimpiya xartiyasi qabul qilingan. Olimpiya xartiyasi olimpiya harakati uchun qonunlar majmuasidir.
Baron Pyer de Kuberten taklifiga binoan musobaqalarni antik davr qoidalariga ko‘ra o‘tkazishga qaror qilingan. Xartiyaga binoan Olimpiada o‘yinlari “Haqqoniy va teng huquqli musobaqalarda butun dunyo havaskor sportchilarini birlashtirib, mamlakatlar, alohida shaxslarga nisbatan irqiy, diniy yoki siyosiy kamsitilishga yo‘l qo‘yilmaydi”.
O‘yinlar har to‘rt yilda o‘tkaziladi. Olimpiada hisobi 1896 yildan boshlab yuritiladi.
1913-yilda Kuberten taklifiga ko‘ra XOQ tomonidan Olimpiya harakatining timsoli, bayrog‘i, shiori qabul qilingan.
Olimpiada o‘yinlari timsoli dunyoning besh qitʼasini anglatuvchi birlashtirilgan besh xalqadir. Havo rang xalqa Yevropani, qorasi Afrikani, qizili Amerikani, pastdagi sariq halqa Osiyoni, yashili Avstraliyani aks ettiradi.
1932-yildan boshlab tashkilotchi shahar Olimpiada shaharchasini – ishtirokchilar uchun alohida yashash joylarini quradi. Tashkilotchilar maxsus emblema va o‘yinlar timsolini ishlab chiqadilar. Emblema mazkur davlatning o‘ziga xosligini aks ettiradi. Olimpiadaga taraddud ko‘rish davrida emblema va timsollar esdalik sifatida sotiladi va olingan daromad o‘yinlarni o‘tkazishga sarflanadi.
Olimpiya xartiyasi yaratilgandan buyon umuman olganda o‘zgarmagan holda saqlanib qolgan, biroq tarixiy jarayonlar, insoniyat jamiyatidagi, olimpiya harakatidagi o‘zgarishlarga mos ravishda ayrim yangiliklar kiritilgan.
Olimpiya xartiyasining yangi tahriri 1999 yilda XOQning 101-sessiyasida qabul qilindi. U bir nechta bo‘limdan iborat.
Birinchi bo‘lim Olimpiya harakatining asosiy tamoyillariga bag‘ishlangan, unda o‘yinlarni o‘tkazish sharafi davlatga emas, balki muayyan shaharga berilishi, chunki davlat – bu mamlakat, siyosatekani, shahar esa siyosatdan holi bo‘lishi qayd etilgan.
Shu bilan birga, o‘yinlarni tashkil qilish va o‘tkazish Olimpiya o‘yinlariga mezbon shahar joylashgan davlatning Milliy olimpiya qo‘mitasi zimmasiga yuklatiladi.
Milliy olimpiya qo‘mitalari XOQ bilan uzviy aloqada va bevosita uning rahbarligi ostida ish olib boradi hamda o‘yinlarni tashkil qilish va o‘tkazish uchun to‘liq masʼul sanaladi.
Xartiyada taʼkidlanishicha, barcha ishlab topilgan mablag‘lar faqat Olimpiya harakatini rivojlantirish, sportni rivojlantirishga, yaʼni insonlar tinchligi va salomatligiga yo‘naltirilishi darkor.
Olimpiya xartiyasida olimpiya ramzlari, emblemalari, bayrog‘i, olimpiya mashʼali, rituallari mazmuni hamda ahamiyati yoritilgan.
Ikkinchi bo‘limda XOQning boshqaruv organlari, uning maqsad va vazifalari, tuzilmasi hamda funksiyalari, shuningdek, huquqlari to‘g‘risida maʼlumotlar berilgan.
Uchinchi bo‘limda xalqaro sport federatsiyalarining maqsadlari, vazifalari, funksiyalari va ularning XOQ bilan o‘zaro aloqalari ochib berilgan.
To‘rtinchi bo‘limda XOQ rahbarligi ostida o‘z davlatlarida ish olib boradigan Milliy olimpiya qo‘mitalarining huquq va majburiyatlari belgilangan.
Beshinchi bo‘lim bevosita Olimpiada o‘yinlari, ishtirokchilari, ularning huquq va majburiyatlariga bag‘ishlangan.
Xartiyada olimpizm mohiyatining qisqacha taʼrifi keltirilgan: “Olimpizm tana, iroda va ong qadr-qimmatini muvofiqlashtirilgan yaxlit butunlikka birlashtiruvchi hayot falsafasidir”. Olimpizm sport, madaniyat va taʼlimni uzviy bog‘laydi.
Olimpiya harakatining maqsadi – sportni insonning har tomonlama rivojlanishiga yo‘naltirish, u tufayli qo‘lga kiritilgan barkamollik esa inson qadr-qimmatini saqlash hamda tinchlik hukm surgan jamiyatni yaratishga yordam berishi lozim.
Xartiyada turli tushuncha va atamalarga taʼrif berilgan. Jumladan, “olimpiada”, “olimpiya o‘yinlari” atamalarining mazmuniga aniqlik kiritilgan.
Qadimgi yunonlar o‘yinlar orasida to‘rt yillikni olimpiada deb ataganlar, yaʼni bu o‘ziga xosyilnoma hisoblangan. Hafta, oy, yil muayyan davrni ifodalagani kabi to‘rt yillikni olimpiada deb atash mumkin edi. Yunonlar maʼlum bir voqeani u sodir bo‘lgan olimpiya o‘yinlarining raqami bilan nomlar edilar. Masalan, o‘ninchi olimpiada va h.k.
Tarix qadimgi Olimpiya o‘yinlarida hozirgiga o‘xshamagan mukofotlar mavjud bo‘lganidan dalolat beradi. G‘olibga lavr gulchambari yoki zaytun butog‘i topshirilgan. Davr o‘tishi bilan sovrinlar o‘zgarib, takomillashib borgan. Xartiyada sovrinlar qatʼiy ravishda belgilangani eʼtiborga loyiq.
Olimpiya shiori: “Sitius, Altius, Fortius” (“Tezroq, Balandroq, Kuchliroq”) zamonaviy olimpizm yo‘nalishini aniq ifodalaydi. Bu so‘zlar fransuz ruhoniysi Anri Didonga tegishli bo‘lib, Pyer de Kubertenga maʼqul kelgan va uning taklifi bilan olimpiya shioriga aylangan. Bu belgilar XOQ emblemasida aks ettirilgan.
Emblema ham Xartiyada aniq belgilab qo‘yilgan. Har bir Milliy olimpiya qo‘mitasi o‘z emblemasiga ega bo‘lib, birlashtirilgan beshta halqa emblema asosini tashkil etadi. Masalan, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi emblemasida beshta olimpiya halqasi va oq fonda Humo qushining tasviri – g‘alaba hamda baxt ramzi aks ettirilgan.
Olimpiya bayrog‘i g‘oyasi ham Pyer de Kubertenga tegishli. XOQ 1913-yili tasdiqlagan bayroq 1916 yilda o‘tkaziladigan o‘yinlarda ilk bor ko‘tarilishi lozim edi. Afsuski, birinchi jahon urushi tufayli o‘sha yilimusobaqa o‘tkazilmagan.
Bayroq hajmi 2x3 metr o‘lchamli atlasdan tayyorlangan bo‘lib, unga olimpiya ramzi – beshta rangli halqa tasviri tushirilgan. Bayroqdagi oq rang yer sharidagi barcha millatlarning do‘stligini bildiradi.
Bayroq 1920-yili Antverpenda VII Olimpiada o‘yinlarida birinchi marta ko‘tarilgan.
1912-yili Pyer de Kubertenda ushbu ajoyib bayramning qadimiy Vatanida olimpiya mashʼalini yondirish va o‘yinlarning bosh arenasida olimpiya olovi yonib turishini taʼminlash fikri tug‘ildi. 1928 yili Amsterdamdagi IX o‘yinlar chog‘ida (1952 yili Oslodagi VI qishki o‘yinlarda) bu taklif amalda o‘z ifodasini topdi.
Mashʼal yondirish marosimi qadimgi olimpiadalar va o‘yinlarningbarcha qahramonlarinibiladigan Zevs ibodatxonasi xarobalarida bo‘lib o‘tadi. 1926-yildan boshlab olimpiya mashʼalasi estafetasi o‘tkaziladi. Olimpiya stadioni yo‘lkalarida mashʼal ko‘tarib aylanish o‘yinlar o‘tkazilayotgan davlatning eng taniqli sportchilariga topshiriladi.
Sportchi va hakamlarning olimpiya qasamyodi ham muqaddas marosimlar qatoriga kiradi. Maxsus matn ham Pyer de Kuberten tomonidan taklif etilgan. Birmuncha o‘zgarishlarga uchragan holda unda shunday deyiladi: “Barcha sportchilar nomidan qasamyod qilamanki, biz bu o‘yinlarda musobaqa qoidalariga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, ularga amal qilgan holda haqiqiy sport ruhida, sport shuhrati hamda o‘z jamoalarimiz sharafi uchun ishtirok etamiz”. Olimpiya qasamyodi birinchi bor 1920-yili Antverpenda o‘tkazilgan VII o‘yinlarda yangragan.
Olimpiya o‘yinlari hakamlarining qasamyodi 1972-yilgi o‘yinlarda omma eʼtiborini ilk bora o‘ziga tortgan. Unda shunday deyiladi: “Barcha hakamlar va rasmiy shaxslar nomidan qasamyod qilamanki, ushbu Olimpiya o‘yinlari davomida biz o‘z vazifamizni xolislik bilan, qoidalarni hurmat qilib va ularga amal qilgan holda haqiqiy sport ruhida bajaramiz”.
2012-yili Londonda va 2014 yili Sochida olimpiadalarning tantanali ochilish marosimidan murabbiylarning qasamyodi ham o‘rin olgani diqqatga sazovor.
Mexikoda 1968 yilgi Olimpiadada har bir olimpiyachi va muxlisga baxt keltiruvchi ramz paydo bo‘ldi. Meksikaliklarning eng sevimli jonivori Yaguar olimpiadalar tarixidagi ilk ramz sifatida tarixda qoldi. Bu odat barchaga manzur bo‘ldi va o‘yinlarning ramzini yaratish anʼanaviy tus oldi. Myunxenda Valdi laqabli kuchuk, Monrealda Kanada o‘rmonlarida yashovchi qunduz, Moskvada Misha laqabli ayiqcha ramzga aylandi.
Xartiyaga ko‘ra dasturning har bir turida g‘olib va sovrindorlarga mos ravishda – oltin, kumush va bronza medallari topshiriladi. Uchinchi o‘rin uchun medal haqiqiy bronzadan, ikkinchi o‘rin uchun kumushdan yasalsa, birinchi o‘rin uchun kamida 6 gramm oltin bilan qoplangan kumush medal taqdim etilishi belgilab qo‘yilgan. Shaxsiy va jamoa musobaqalarida birinchidan sakkizinchigacha o‘rinni egallagan sportchilarga XOQ diplomlari topshiriladi.
Diplomlar, esdalik medallari o‘yinlarning barcha ishtirokchilari hamda rasmiy shaxslarga beriladi. Yaqin yillardan beri esa Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga mos ravishda oltin, kumush, bronza ko‘krak nishonlari topshiriladigan bo‘ldi. Bu nishonni kundalik hayotda ham taqib yurish mumkin.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi sport va davlat arboblarini yoki sportchini Olimpiya harakatiga qo‘shgan alohida xizmatlari uchun Olimpiya Oltin ordeni bilan taqdirlab keladi.
Olimpiya g‘oyalariga sadoqati va jahon sportini rivojlantirishdagi beqiyos xizmatlari uchun 1996 yil 6 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovga sport olamidagi eng oliy mukofot – Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Olimpiya Oltin ordeni topshirildi.
Xartiyada belgilanishicha, 1994-yildan boshlab yozgi va qishki olimpiya o‘yinlari boshqa-boshqa juft yillarda o‘tkazib kelinmoqda. Bungacha o‘yinlar bitta yilning o‘zida o‘tkazilardi.
O‘yinlarning davomiyligi 16 kundan oshmasligi belgilab qo‘yilgan. Olimpiya o‘yinlari poytaxtini tanlash huquqi XOQga taalluqlidir. O‘yinlarni o‘tkazishga daʼvogar shaharlar tanlovi o‘tkaziladi, nomzodlarning imkoniyatlari XOQning maxsus komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqiladi va keyin Olimpiya hukumatining Oliy organi – sessiyada Olimpiada poytaxti tanlanadi. Shahar nomzodi Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan tavsiya etiladi.
Barcha musobaqalar, odatda, olimpiya o‘yinlariga mezbon shaharda o‘tkaziladi. XOQning alohida ruxsati bilan istisno tariqasida ayrim turdagi musobaqalarni boshqa shaharlarda tashkil qilish mumkin.
O‘yinlarda musobaqalar faqat olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladi. Dasturni o‘zgartirish xuquqi faqat XOQga tegishlidir.
Olimpiya sport turi Xartiyaga binoan aniqlanadi. Yozgi sport turi erkaklar uchun kamida 75 ta davlatda va beshta qitʼadan to‘rttasida, ayollar uchun esa kamida 40 ta davlatda hamda uchta qitʼada, qishki sport turlari 25 ta davlat va uchta qitʼada keng tarqalgan bo‘lishi lozim.
XOQ Olimpiya o‘yinlariga rahbarlik qiladi, musobaqalar esa tegishli xalqaro federatsiya rahbarligi ostida o‘tadi.
Mashg‘ulotlar, musobaqalar, sport anjomlari, jihozlar, qoidalar federatsiya meʼyorlariga mos kelishi lozim. Hakamlar, xronometristlar (vaqt o‘lchovchilar), raddiya hayʼati aʼzolari va boshqalar o‘sha sport turining Xalqaro federatsiyasi tomonidan tayinlanadi.
Olimpiya o‘yinlarining ochilish va yopilish marosimlari Xartiyada aniq hamda batafsil taʼriflangan.
Ochilish marosimi boshida stadionga davlat rahbari keladi, so‘ngra ishtirokchilarning tantanali chiqishi boshlanadi. Har bir delegatsiya oldida davlat nomi bitilganyozuv va davlat bayrog‘i ko‘tarib boriladi. Jamoalar alfavit tartibida o‘tadi. Lekin anʼanaga ko‘ra, eng avval Olimpiya o‘yinlari vataniga bo‘lgan o‘ziga xos hurmat ifodasi sifatida Gretsiya delegatsiyasi o‘tadi. Paradni o‘yinlarga mezbonlik qiluvchi davlat delegatsiyasi yakunlaydi. Parad tugagach, Tashkiliy qo‘mita prezidenti va XOQ Prezidenti so‘zga chiqadi. So‘ngra Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilayotgan davlat rahbari Olimpiya o‘yinlarini tantanali ravishda ochiq deb eʼlon qiladi. Olimpiya madhiyasi sadolari ostida turli davlatlarning sportchilari olimpiya bayrog‘ini stadionga olib kiradilar va bayroq yuqoriga ko‘tariladi.
Nomdor sportchilardan biri olimpiya mashʼali bilan stadionni aylanib chiqadi va olovni yoqadi. Ushbu olov o‘yinlarning 16 kuni davomida yonib turadi. Olov yoqilgan zahoti tinchlik elchilari bo‘lmish yuzlab oq kabutarlar uchirib yuboriladi. Tantanali qasamyod daqiqalari boshlanadi. Mezbon davlatning taniqli sportchisi, jahonda yuksak hurmatga ega sport hakamiqasamyod qiladi. So‘nggi yillarda murabbiylardan birining ham qasamyod qilishi yo‘lga qo‘yildi. Tashkilotchi davlat madhiyasi yangraydi, bayramning tantanali ochilish marosimi boshlanadi.
Sport musobaqalari yakunlangach, o‘yinlarning yopilish marosimi o‘tkaziladi. Stadionga ochilish marosimidagi tartibda bayroqdorlar kirib kelishadi, jamoalar aʼzolari esa do‘stlik ramzi sifatida umumiy safda kiradilar. Gretsiya madhiyasi, tashkilotchi davlat madhiyasi va bo‘lajak o‘yinlarni qabul qiluvchi davlat madhiyasi yangraydi. Olimpiadaga mezbonlik qilgan shahar hokimi o‘yinlar bayrog‘ini XOQ Prezidentiga topshiradi, u esa bayroqni kelgusi o‘yinlarni qabul qiluvchi shahar hokimiga taqdim etadi.
Tashkilotchi shahar hokimi va XOQ Prezidenti so‘zga chiqadilar. So‘ngra navbatdagi Olimpiya o‘yinlari mezboni bo‘lmish davlatning taqdimot marosimi o‘tkaziladi. XOQ Prezidenti Olimpiya o‘yinlarini yopiq deb eʼlon qiladi. Olimpiya olovi asta-sekin o‘chiriladi. Olimpiya madhiyasi sadolari ostida bayroq tushiriladi, stadion uzra xayrlashuv qo‘shig‘i yangraydi.