Veloshosse bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi

4 ta yo‘llanma

Zabelinskaya Olga Sergeyevna 1980-yil 10-may kuni Rossiya Federatsiyasida tugʻilgan. Trek va shosse yoʻnalishlariga ixtisoslashgan Zabelinskaya hisobida London-2012 Olimpiadasining 2 ta bronza, Rio-2016 yozgi Olimpiya oʻyinlarining esa kumush medali mavjud. 2018-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Murabbiyi Yuriy Anoshin. Har yili oʻtkazib kelinadigan shosse va trek yoʻnalishlaridagi Osiyo chempionatlarida muntazam ravishda shohsupadan joy olib keladi. Konya-2021 Islom birdamligi oʻyilarida 3 ta oltin, Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida 1 ta oltin medalni qoʻlga kiritgan. Koʻrsatgan natijalari evaziga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Veloshosse boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi jahon reytingi orqali Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga shosse dasturida 3 ta yoʻllanmaga ega boʻlgan. Terma jamoa murabbiylar shtabining qaroriga koʻra, Zabelinskaya guruh poygasi va shaxsiy vaqt uchun alohida start dasturlarida yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Kuskova Yanina Vasilyevna 2001-yil 5-dekabr kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. 2019-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Murabbiyi Leysan Xayziyeva. Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga terma jamoa bosh murabbiyi Gleb Groysman qoʻl ostida tayyorgarlik koʻrmoqda. Kuskova faoliyati davomida shosse hamda trek yoʻnalishlaridagi Osiyo chempionatlarida 3 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medallariga egalik qilgan. Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlarida 3 ta kumush medalni qoʻlga kiritgan.

Veloshosse boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi jahon reytingi orqali Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga shosse dasturida 3 ta yoʻllanmaga ega boʻlgan. Terma jamoa murabbiylar shtabining qaroriga koʻra, Kuskova guruh poygasi dasturida yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Xolmurodov Murodjon Yuldashevich 1982-yil 11-iyun kuni Xorazm viloyati Gurlan tumanida tavallud topgan. 1998-yildan beri xalqaro maydonda Oʻzbekiston sharafini himoya qilib keladi. Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga Ruslan Karimov qoʻl ostida tayyorgarlik koʻrmoqda.

2013-yil Hindistonning Nyu-Dehli shahrida oʻtkazilgan Osiyo chempionatining ikki karra gʻolibi, 2011 va 2019-yilgi qitʼa birinchiliklari sovrindori. 2018-yil Indoneziyada oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida shosseda oʻtkazilgan yakkalik start dasturida kumush medalni qoʻlga kiritgan. London-2012 va Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi.

Veloshosse boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi jahon reytingi orqali Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga shosse dasturida 1 ta yoʻllanmaga ega boʻlgan. Terma jamoa murabbiylar shtabining qaroriga koʻra, Xolmurodov guruh poygasi dasturida yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Text to speech