Oʻzbek sportining oldida turgan muhim vazifalar muhokama qilindi
Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligining Hayʼat oldi yigʻilishiga kiritilgan masalalar, shuningdek, sport sohasida 2023-yilning birinchi yarim yilligida qilingan ishlar sarhisobi va ikkinchi yarim yillik rejalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida tashkil etilgan tadbirda Vazir Adham Ikramov hamda uning oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, Respublika oliy sport mahorati maktablari rahbariyati, federatsiya va assotsiatsiyalar masʼullari, hududlardagi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarining direktorlari, sport faxriylari ishtirok etishdi. Viloyatlardagi Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi mutasaddilari tadbirga ZOOM platformasi orqali ulanishdi.
Yigʻilishni Adham Ikramov ochib berdi. Vazir oʻz nutqida nafaqat oliy sport yutuqlari, balki butun mamlakatimiz boʻylab ommaviy sport targʻibotini kuchaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, sohada erishilayotgan natijalarga alohida toʻxtaldi. Xususan, sport maktablaridagi murabbiylarning oylik maoshlari sezilarli darajada oshgani, sport taʼlim muassasalarining moddiy texnik bazasi yaxshilangani, atletlarimizning xalqaro maydonda yuqori natijalarga erishayotgani, buning uchun mahalliy hamda xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari uzliksiz tarzda tashkil etilayotgani haqida gapirdi. Biroq bu bilan toʻxtalib qolmasdan, har bir yoʻnalishni tanqidiy ruhda ham koʻrib chiqish lozimligini qoʻshimcha qildi. Adham Ilhamovich joriy yil boʻlib oʻtadigan Chendu-2021 Butunjahon yozgi Universiada oʻyinlari, Belarus mezbonlik qiladigan II MDH oʻyinlari, Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida ham yuqori natija qayd etib, xalqimiz va Prezidentimizning ishonchini oqlash lozimligini taʼkidladi.
Tadbirni olib borgan Oybek Kasimov 2023-yil davomida tashkil etiladigan kompleks musobaqalar haqida umumiy maʼlumot berdi. Shahrullo Mahmudov hamda Sherzod Tashmatov terma jamoalarimizning ushbu musobaqalarga koʻrayotgan tayyorgarligi, kutilayotgan natijalar, maqsadlar haqida toʻxtalishdi. Ularga koʻra, Oʻzbekiston delegatsiyasi Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida 400 nafardan ortiq sportchi bilan ishtirok etishi kutilmoqda. 2018-yil Indoneziyada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida mezbon davlat 31 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida toʻrtinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan. Shuni inobatga holda, Oʻzbekiston delegatsiyasi Xanchjou-2022 da kamida 30 ta oltin medal bilan oʻz tarixidagi eng yuqori natijasini yangilab, ilk bor kuchli toʻrtlikdan joy olishi rejalashtirilgan. Qayd etish joiz, bungacha delegatsiyamizning eng yuqori koʻrsatkichi 2018-yilgi Osiyo oʻyinlariga toʻgʻri kelib, unda mamlakatimiz 21 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida beshinchi oʻrinni egallagan. Shuningdek, yigʻilish davomida Universiada va MDH oʻyinlarida ham delegatsiyamiz oldida ulkan marralar turgani qoʻshimcha qilindi. Ayniqsa, MDH oʻyinlarida qatnashadigan tarkibning aksariyati “Toshkent-2025» yoshlar Osiyo oʻyinlarida ishtirok etishi kutilayotgan avloddan tashkil topganiga alohida urgʻu berildi.
Oʻz navbatida, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev hamda uning oʻrinbosari Otabek Ergashev mamlakatimizda Paralimpiya harakatini rivojlantirish, jismoniy imkoniyati cheklangan aholi qatlamiga sport bilan shugʻullanish uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar xususida toʻxtalishdi. M.Tashxodjayev Parijda oʻtayotgan para yengil atletika boʻyicha jahon chempionati orqali sportchilarimiz kelasi yil ushbu shaharda oʻtadigan Paralimpiya oʻyinlariga ayni paytgacha 15 ta yoʻllanma qoʻlga kiritishgani, musobaqa davomida ushbu koʻrsatkichni yanada yaxshilash kutilayotgani haqida maʼlum qildi. Mutasaddilar Xanchjou-2022 Paraosiyo va Parij-2024 Paralimpiya oʻyinlarida delegatsiyamizning munosib ishtirokini taʼminlash ustuvor vazifa ekani haqida gapirishdi.