22 May 2022 1710

Qurʼa qoʻrquvmi? Taniqli sportchi va murabbiylarimizning unga boʻlgan reaksiyalarini oʻrganamiz

Qurʼa sportning ajralmas qismi. U orqali koʻplab masalalarga, chempionlik yoʻliga oydinlik kiritiladi. Qurʼa sport tilida aytganda kimlarnidir “oʻlim guruhi”ga tashlasa, yana kimlargadir yengillik yaratib beradi. Nima boʻlganda ham, atletlar bunga rozi boʻlgancha oʻz maqsadlari sari maydonga chiqishadi.

Sportchilarda ham psixologiya har xil. Qaysidir atletlar musobaqadan avval qurʼa chiqishini kutib oʻtirsa, kimlardir hayajon sabab bellashuvlar boshlanishidan avval unga nazar tashlaydi. Shu oʻrinda, bugungi oʻrganishimiz yakkakurash sport turlari boʻyicha ekanini taʼkidlab oʻtmoqchimiz. Zero, jamoaviy turlarda ishtirokchilar dastlab guruhlarga boʻlingan holda ishtirok etishadi. Unda raqiblar turnirdan ancha avval aniq boʻlib, jamoalar shunga qarab musobaqaga tayyorgarlik koʻradilar. Biroq bugun biz dzyudo, boks, sport kurashlari, taekvondo, qilichbozlik kabi yakkakurash sport turlarida atletlarimizning qurʼaga boʻlgan reaksiyalarini oʻrganamiz.

Xoʻsh, ular orasida kimlar musobaqadan bir kun avval tashlanadigan qurʼaga qarashadi? Va aksincha, kimlarda hayajon kuchli? Bu boradagi javoblar sizni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz. Ushbu maqolada sportchilarnigina emas, baʼzi murabbiylarning ham bu boradagi fikrlarini oʻrgandik. Demak boshlaymiz, sportchilarimizga berilgan savol va ularning javobi quyidagicha:

– Musobaqalardan bir kun avval qurʼa natijasiga qaraysizmi? Javobingizni izohlab bering.

Aram Vardanyan, yunon-rum kurashi boʻyicha JCH sovrindori: “Bir kun oldin qurʼaga qaramayman. Chunki raqibimni bilsam, miyamga keraksiz narsalar oʻrnashib qoladi. Keyin raqibga qarshi har xil usul va taktikalar haqida kechasi bilan oʻylab chiqaman. Bu narsa uxlatmaydi va ertasi kun boʻladigan musobaqaga toʻliq tayyor boʻlishimga katta salbiy taʼsir qiladi”.

Bekzod Abdurahmonov, erkin kurash boʻyicha Tokio-2020 sovrindori: “Men uchun raqibimni kim ekanini bilib olganim yaxshi. Chunki buni bilgach, koʻnglim xotirjam boʻladi. Shu bilan bemalol uxlayman. Toʻgʻri, baʼzilar raqiblari haqida bilib qolsa, bellashuv haqida oʻylab hayajonlanishadi. Menda unaqa his yoʻq. Aksincha, raqibimni bilolmasam, hayajon bosadi. Raqib aniq boʻlgach, unga qarab har tomonlama tayyorgarlik koʻraman”.

Gulnoza Matniyazova, dzyudo boʻyicha Osiyo chempioni:Birinchi va ikkinchi bosqichlarda kim bilan chiqishimga hech qachon qaramaganman va bundan keyin qaramayman ham. Raqibim kimligini tatamiga chiqayotgan paytim bilaman. Bu tabiatimni yaqinlarim va ustozlarim bilishadi. Shu bois qurʼa natijasi haqida hech kim menga indamaydi. Boisi, bir kun qurʼani koʻrib qolsam, kechasi bilan raqibim bilan xayolda kurashib chiqaman”.

Diyora Keldiyorova, dzyudo boʻyicha harbiylar oʻrtasida jahon chempioni: “Koʻplab yengil vazn vakillari qatori men ham bir kun avval qurʼaga qaramayman. Bellashuv boʻladigan kuni ertalab, chigalyozdi mashgʻulotlar vaqtida raqiblarim bilan tanishib chiqaman. Kechqurun tinch va xotirjam uxlashim uchun qurʼani oʻylamasligim kerak”.

Rishod Sobirov, dzyudo boʻyicha 3 karra Olimpiada sovrindori: “Men qurʼaga qarar edim. Raqibimni bilib olib, unga qarshi oʻzimni tayyorlayman. Qurʼaga qarasam ham, qaramasam ham, oʻsha musobaqaga kelgan sportchilar bilan tushamanku”.

Bahodir Jalolov, boks boʻycha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni: “Boksda hamma qaraydi. Dzyudo, kurash yoki boshqa sport turlarida bellashuvlar 1 kunda oʻtib ketgani uchun koʻpchilik qurʼaga qaramaydi. Bizda 10 kungacha ham davom etadigan musobaqalar bor. Shu bois raqibimizning kimligini bilib olishimiz biz uchun foyda. Buni bokschilarimiz nomidan javob sifatida qabul qilishingiz mumkin. Bizda hamma qurʼa bilan ishlaydi”.

Ulugʻbek Rashitov, taekvondo boʻyicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni: “Men, albatta nazar solaman. Qurʼa natijasi rasman eʼlon qilingach murabbiyim bilan qaysi raqibga qanday taktika qoʻyish kerak, uning nozik va kuchli tomonlari haqida muhokama qilamiz. Shuningdek, keyingi bosqichlarda toʻqnash keladigan ehtimoliy raqiblarni ham oʻrganamiz”.

Zaynab Dayibekova, qilichbozlik boʻyicha JCH sovrindori: “Jahon chempionatlari va Olimpiadada qatnashganimda qurʼaga qaramaganman. U payt hozir kim bilan tushaman, keyin kim raqib boʻladi kabi savollarga ahamiyat bermayman. Bor eʼtiborim meni maydonda kutib turgan raqibimga qaratiladi. Undan keyin kim bilan toʻqnash kelishimni koʻrib, oʻsha raqibga oʻzimni tayyorlayman. Jahon kubogi, Osiyo chempionatlarida hayajon nisbatan pastroq. Shu bois ularda qurʼani oʻrganib chiqaman”.

Xoʻsh, murabbiylar bu borada qanday fikrda?

Jasur Boyqoʻziyev, taekvondo:Sportchilik faoliyatimda ham, murabbiylikda ham raqibning kim ekanini oldindan bilish kerak, degan fikr tarafdoriman. Bizning sportda ham bellashuvlar bir kunda oʻtishiga qaramay, raqiblarning kim boʻlishini bilish, ularga qarshi har tomonlama tayyorgarlik koʻrish lozim. Bilasizmi, bizning sportda musobaqadan avval 70-80 foiz aniqlikda raqiblar bir-birlarini bilib boʻladi. Aytaylik, bir turnirga 32 nafar sportchi kelgan boʻlsa, qoidaga koʻra, birinchi saralangan taekvondochi oʻttiz ikkinchi bilan, ikkinchi raqam esa oʻttiz birinchi tartibdagi sportchi bilan toʻqnash keladi. Roʻyxatga olish yakunlangach, shu tariqa raqiblarni taxmin qilish mumkin. Keyin shunga qarab shogirdlarimizni tayyorlaymiz”.

Bekzod Toʻraboyev, dzyudo: “Baʼzi shogirdlarim musobaqadan avval qurʼaga qaraydi, baʼzilari yoʻq. Qurʼa natijasi bilan qiziqadiganlarning koʻpchiligi ogʻir vaznlilar boʻladi. Boisi yengil vazndagi polvonlar qurʼaning ertasiga kurashishadi. Ular bellashuvlarga toʻliq tayyor boʻlishlari uchun xotirjam uxlashlari lozim. Aksincha, yengil vaznda qurʼaga qaraydigan shogirdlarim ham bor. Men bunday holatda ularning oʻzlariga qoʻyib beraman. Qurʼaga qaraysan yoki qaramaysan deb ularni majburlamayman”.

Vladimir Nazlimov, qilichbozlik:Raqiblarga nazar tashlash kerak. Har bir mamlakatning oʻziga yarasha kuchli tomonlari boʻladi. Masalan, koreyalik qilichbozlar jangda juda agressiv harakat qilishadi. Hozir ularning orasiga qitʼamizda Eron ham qoʻshildi. Raqiblarga qarab shogirdlarimizni jangga tayyorlaymiz. Jamoamiz negizini yoshlar tashkil etishadi. Shu bois asosiy eʼtiborni jismoniy tayyorgarlikka koʻproq qaratmoqdamiz. Keyinchalik qurʼa bilan bogʻliq ruhiy jihat ustida ham ishlaymiz”.

Koʻrib turganingizdek, bu boradagi qarashlar, fikrlashlar oʻzgacha. Shubhasiz, bular har bir sport turidagi qoidalar, reglament va albatta, sportchining psixologiyasidan kelib chiqqan holda shakllangan. Qurʼa kimni “taqdim qilishi”dan qatʼiy nazar atlet oʻzini musobaqaga toʻla tayyorlay olishi eng muhimidir.

Text to speech