29 Oktyabr 2021 1833

Sport shifokorlarimizning malakasini yanada oshirish rejalari muhokama qilindi

Bugun MOQ majlislar zalida Qo‘mita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining (RSTIAM) Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalari muhokama qilindi.

Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, Abdushukur Sadikov boshchiligidagi RSTIAM shifokorlari va xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilish avvalida MOQ rahbari yutuqlarimiz zamirida ushbu sohaning qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi barobarida ba’zi kamchiliklar haqida fikr bildirdi.

“Barchamizning maqsadimiz sportimizda tibbiyot sohasini ham yanada rivojlantirish. Prezidentimiz Tokio-2020 tayyorgarlik davrida terma jamoalarimizda diyetolog, psixolog, massajchi kabi shtat birliklarini ochilishida, ularni moliyalashtirishda o‘zlarining katta yordamlarini ayamadilar va bu masalani qo‘llab-quvvatladilar. Erishgan yutuqlarimizda shifokorlarimizning yordamini alohida e’tirof etish o‘rinli. Ularning sa’yi-harakati bilan Olimpiada davomida hech bir sportchimizdan koronavirusga qarshi testda ijobiy natija chiqmadi. Biroq kamchiliklarimiz ham yo‘q emas. Ba’zi sportchilarimiz vazn tashlashdagi muammolar sabab ko‘ngildagidek ishtirok eta olishmadi. Shu va boshqa barcha muammolar ustida ishlab, yangi metodikalarni qo‘llash lozim”, – dedi MOQ raisi.

Yig‘ilishda Abdushukur Sadikov ham so‘z olib, sohadagi kamchiliklar va ularni bartaraf etishdagi rejalar xususida to‘xtaldi.

“Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rgan asosiy federatsiyalarimizning ba’zilarida mutaxassislar yetishmovchiligi bilindi. Biz ham Olimpiadadan so‘ng o‘z kamchiliklarimizni tahlil qildik. Bunda xalqaro tajribaning kamligi, markazimizning bor imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmayotganimiz, ba’zi terma jamoalarda shifokor va murabbiylarning fikrlari nomutanosib kelgani kabi muammolar uchradi”, – dedi RSTIAM direktori.

Abdushukur Sadikov Markazning yangi Olimpiya siklidagi rejalari haqida to‘xtalar ekan, shifokorlarimizni Rossiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Polsha kabi sport tibbiyoti ilg‘or rivojlangan mamlakatlarga yuborib tajriba almashishlari, Toshkentda xalqaro o‘quv-seminarlarni ko‘proq tashkil etish kabi ustuvor maqsadlar haqida to‘xtaldi.

Text to speech