25 Noyabr 2020 4142

Otabek Imamov: Kamonchilik rivojida ma'lum darajada o'sish bor

"OlympicUz" axborot-tahliliy dasturida mehmon bo'lgan O'zbekiston kamondan otish federasiyasi raisi Otabek Imamov o'zining ikki yillik faoliyati tahlili, ushbu sport turi rivojlanishida yuzaga kelgan to'siqlar, xalqaro aloqalarni mustahkamlash borasida sezilarli qadamlar, xorijda faoliyat yuritayotgan hamyurtimizni terma jamoaga jalb qilish masalalari kabi mavzularda so'zlab berdi.

— Otabek Sobitjonovich, federasiyani qabul qilib olganingizga ikki yildan oshdi. O'sha paytda federasiya oldiga terma jamoaga xorijlik murabbiylarni jalb etish, o'quv-mashg'ulot yig'inlarini samarali tashkil etish, imkon qadar Tokio Olimpiadasiga lisenziya qo'lga kiritish kabi vazifalar qo'yilgan edi. Tashkilotni qabul qilib olganingizdagi holat bilan hozirgisining o'rtasida qanday tafovut bor?

— Darhaqiqat, ikki yil tarix oldida katta davr bo'lmasada, ma'lum bir ishlarni amalga oshirish, natijaga erishish, tahlil uilish uchun etarli fursat. Pandemiya barcha sohalar qatori sportga ham o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatmay qolmadi. Ammo bu bahona bo'lolmaydi. Shu davr ichida katta ishlarni amalga oshirdik. Chekka hududlarda selektsiya ishlarini olib borib, mahoratli yigit-qizlarni yig'ib keldik. Avvallari 400 nafar atrofida shug'ullanuvchilar bo'lgan bo'lsa, hozirda 650-700 nafarga yaqin sportchimiz bor. Asli gruziyalik, Turkiya kamondan otish terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan Vladimer Lekveishvili ayni paytda bizda bosh murabbiylik qilmoqda. Ushbu mutaxassis kelgach, Osiyo chempionatida Zokirjon G'ofurov kuchli beshlikdan joy egalladi. Farg'onalik Ziyodaxon Abdusattorova esa yoshlar o'rtasidagi qit'a musobaqasida 4-o'ringa munosib Ko'rildi. Bu ikki yillik mehnatlarimiz mahsulidir.
Kamondan otish bu azaliy milliy o'yinlarimizdan. Ota-bobolarimizdan meros, desak xato bo'lmaydi. Amir Temur sarkardalaridan tortib, eng yovqur lashkarlargacha undan foydalangan. Uni rivojlantirish uchun birinchi asosiy omil shu bo'lsa, ikkinchidan, kamonchilik sog'lom turmush tarzini targ'ib etuvchi kuchli vosita hamdir. Chunki bugungi yoshlar virtual olamga o'tib ketishgan. Qo'liga kamon olgan o'smir nishonni mo'ljalga olish uchun qayta-qayta urinadi, harakatda bo'ladi. Bu o'ziga bo'lgan talabchanlikni oshirishga yordam beradi. Respublikamizning 6 ta hududida viloyat federasiyalari tashkil qilingan. U erda malakali murabbiylarimiz ish olib borishyapti. Xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminarlar o'tkazdik. Janubiy Koreyadan murabbiy jalb qilganmiz. Kelgusi yil boshidan ishga tushadigan ushbu mutaxassis asosiy e'tiborini selektsiyaga qaratadi. Maqsadimiz – kamondan otish turi bo'yicha har bitta viloyatning o'z bazasi bo'lishiga erishish.

— Barcha viloyatlarda hali ham federasiya bo'limlari to'liq ochilmagan. Bu kamondan otish sportining rivojlanishini ortga suradi. Viloyat federasiyalari faoliyati yo'lga qo'yilmaganining juz'iy sabablari bormi?

— Respublikaning barcha hududlarini qamrab olish – asosiy strategiyalarimizdan hisoblanadi. Shu masalada me'yoriy hujjat tayyorlaganmiz. To'siq, desak xato bo'ladi. Faqat harakatni tezlashtirimiz kerak. Kamondan otish ma'lum bir ko'nikmalarni talab qiladi. Shu sababdan viloyatlarga kirib borganimizda, malakali murabbiy, intiluvchan sportchilar bo'lishi kerak. Reja bo'yicha ikki yilda butun respublikani qamrab olamiz, degan umiddamiz.

— Kamonchilar uchun karantin payti qanday o'tdi?

— Boshqa sport turlaridagi kabi sportchilarimiz ham uy sharoitida mashg'ulotlarni olib borishdi. Bu borada bizga Jismoniya tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo'mitasi etarli sharoit yaratib berdi. Musobaqalardan oldin ZOOM platformasi orqali ularning yuklamalarini doimiy nazorat qilib bordik. Milliy terma jamoa mashg'ulotlari to'xtab qolmasligini ta'minladik. O'tgan yili sportchilarimiz bir oyda 700-800 dona o'q otishar edi. Hozirda bu ko'rsatkich 500 tani tashkil qilyapti. Albatta, bu pandemiyaning salbiy ta'siri. Marrani kattaroq qo'yganmiz. Murabbiylar va sportchilar bilan bir jamoa bo'lib ishlayapmiz. Birgalikda kamchiliklarni bartaraf eta olishimizga ishonaman.

— Kuni kecha Respublika Olimpiya zaxiralari maktab-internatida O'zbekiston chempionati bahslari bo'lib o'tdi. Tabiiyki undan ko'zlangan o'ziga xos maqsad bo'lgan. Biz esa musobaqada foydalanilgan kamonlar va o'qlar sifati haqidagi fikringizni bilmoqchi edik.

— Inventarlarga keladigan bo'lsak, 6 ta viloyatimizni kamon, o'qlar, epikirovkalar bilan ta'minladik. Moddiy-texnika bazamizni yanada yaxshilash uchun Turkiyaning "Navek" firmasi bilan shartnomamiz bor. Turkiya milliy terma jamoa a'zolari bilan ham hamkorlikda ishlayapmiz. O'tgan yili 6 nafar sportchimiz milliy kamonkashlik bo'yicha bir oy davomida o'quv-mashg'ulot yig'inlarida ishtirok etib kelishdi. Ular to'plagan tajribalarini bugun yosh kamonchilarimizga o'rgatishmoqda.

— Aytib o'tganingizdek, xalqaro aloqalarni mustahkamlash borasida sezilarli qadamlar ko'zga tashlanyapti. O'tgan yili Turkiya kamondan otish federasiyasi, Turkiya kamonchilar fondi va Butunjahon etnik sport turlari konfederasiyasi bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etgan edingiz. Kamondan otishda Turkiya bilan iliq munosabatlar o'rnatilgan. Yig'inlarimiz asosan ushbu davlatda o'tadi. Ular milliy kamonchilikda kuchli, biroq Olimpiya dasturidagi yo'nalishda u qadar emas. Balki Koreya, Hindiston, Xitoy kabi etakchilar bilan yig'in qilib ko'rish kerakdir?

— Turkiya ham aynan siz aytgan davlatlar bilan bemalol raqobatlasha oladi. Shu sababdan ishni ushbu mamlakatdan boshladik. Keyingi bosqichimiz Janubiy Koreya bilan bo'lib o'tadi. O'quv-mashg'ulot yig'inlarini Koreya Respublikasida o'tkazmoqchimiz. To'g'ri aytdingiz, Turkiyada milliy kamonchilik yaxshi rivojlangan. Bizda ham shunday harakatlar boshlab yuborilgan. O'zbekiston "tirandoz" kamonchilik klubi faoliyat yurityapti. Bir oy ichida yuz nafarga yaqin o'g'il-qiz ushbu sport turiga qiziqishini bildirgan.

— O'tgan yil Tailandda o'tgan lisenzion musobaqaga barcha sharoitlar yaratib berildi. Ketma-ket 3 oylik xalqaro yig'inlar bo'ldi. Xorijdan murabbiy olib kelindi. Rais sifatida faoliyatingizni boshlaganingizda ham aynan xalqaro turnirlar soni va sifatini oshirishga urg'u berib, Tokio-2020 yo'llanmasini ham qo'lga kiritish haqida aytib o'tgan edingiz. Biroq haligacha lisenziya yo'q. Yagona umid jamoaviy yo'nalishda qoldi. Ammo u endi jahon miqyosida o'tadi. Osiyoda ololmagan lisenziyani jahon miqyosidagi musobaqada qo'lga kirita olamizmi?

— Sportchilarimiz to'laqonli tayyorgarlik ko'rib kelishyapti. Lekin boshqa sport turlarida ham uchraydigan bir jihatni aytishim kerak, ya'ni kamonchilarimiz Osiyo arenalariga chiqqanda, Mo'g'uliston, Xitoy, Koreya kabi davlatlar bilan yonma-yon turadi. Birinchi marta chiqqanda, har qanday sportchini hayajon bosadi. Shuning uchun oldimizga qo'ygan maqsadimiz – sportchilarimizni har qanday turnirda kuchlilar bilan raqobatlashtirish, ulardagi hayajonni yo'qotish, xalqaro tajribasini oshirish. O'zbekistonda 30 ochko jamg'argan sportchimiz xorijga chiqib 27-28 ochko olyapti. Agar sportchiimiz Bangkokda shu ochkoni yig'a olganda, lisenziya hozir qo'limizda naqd bo'lar edi. Bu kamchiliklardan kerakli xulosa chiqarilgan. Ruhiy tayyorgarlikni kuchaytiramiz. Ma'lum darajada o'sish bor. Jahon kubogida bunga jiddiy tayyorgarlik ko'rilyapti. Sportchilarimizni ana shu muhitga moslashtirish uchun harakat qilyapmiz.

— Ikki yildan beri shu sohaning ichida yashayapsiz. Jiddiy mehnat qilyapsiz. Baribir etakchi murabbiysiz natijaga erishish qiyin. Shu ma'noda, dunyo tan olgan mutaxassislarni terma jamoaga jalb etishning iloji bormi?

— Keyingi Olimpiya tsikli – Parij-2024 uchun Koreyadan murabbiy olib kelishni rejalashtirganmiz. Buning qiyin taraflarini aytishimiz mumkin. Lekin shuncha sharoit yaratib berilayotgan bir paytda o'zimizni oqlashimiz insofdan bo'lmaydi.

— Xanchjou-2022 va Parij-2024 uchun tayyorgarlik rejalari qanday?

— Bu borada aniq strategiyamiz bor.

— Terma jamoaga Germaniyada ishlayotgan hamyurtimiz Natalya Butuzovani jalb qilib ko'rish varianti ko'rib chiqilmadimi?

— Ushbu mutaxassisni taklif qilganmiz. Pandemiya cheklovlari yumshasa, biz bu yangilikni e'lon qilamiz. Hamyurtimizning tajribalaridan unumli foydalanish rejamiz bor.

— Mazmunli suhbatingiz tashakkur.

Zafar Imomxo'jaev suhbatlashdi.

Text to speech