14 Dekabr 2020 4888

Sardor Abduxoliqov: "Tokio Paralimpiadasida lisenziyalarimiz soni ikki baravarga ko'p bo'ladi»

"OlympicUz" axborot-tahliliy dasturining ushbu sonida O'zbekiston Milliy Paralimpiya assosiasiyasi faoliyati, sportchilarimizning Tokio-2020 Paralimpiadasiga tayyorgarligi, imkoniyat va rejalari haqida so'z bordi. Suhbatdoshimiz O'zbekiston para-engil atletika terma jamoasi bosh murabbiyi Sardor Abduxoliqov shu haqda so'zlab berdi.

— Assosiasiya yurtimizda imkoniyati cheklangan sportchilar o'rtasida turli darajadagi musobaqalarni tashkillashtiradi va o'tkazadi. 2014 yilda Osiyoning eng yaxshi sport tashkiloti deb aynan O'zbekiston Milliy Paralimpiya assosiasiyasi tan olinganini yaxshi bilamiz. Xo'sh, 13 yillik faoliyatni olib qaraganda, Paralimpiya sporti bugun qay tarzda rivojlanyapti?

— O'tgan davr mobaynida jamiyatimizda imkoniyati cheklangan insonlarning o'z qobiliyatini namoyon etuvchi tashkilotga aylandik. Sportchilarimiz Rio-2016 Paralimpiadasida ulkan g'alabalarga erishdi. Allohning irodasi bilan u yoki bu jismoniy nuqsonga duchor bo'lgan kishilarni hayotga ishtiyoqini oshirish maqsadida tashkil etilgan Paralimpiya harakati bugun butun dunyoda keng ommaviylashdi. Olimpiada bilan hamohang Paralimpiya o'yinlari keng masshtabda rivojlanib, mana bugungi kunda yurtimizda ham bu borada sport turlari soni ortib boryapti. 13 yil davomida uch marta Paraosiyo o'yinlari, ikki marta Paralimpiya o'yinlarida, har ikki yilda bir marta jahon chempionatlarida ishtirok etildi. Bundan keyin ham bu jarayon izchillik bilan davom etadi.

— Qisqa tanaffusdan so'ng, sportchilarimiz yangi yildan o'quv - mashg'ulot yig'inlariga kirishib ketishadi. Aytingchi, bu yig'inlar qachondan boshlanadi?

— Kelgusi yilning 4 yanvaridan para-engil atletikachilarimiz bilan mashg'ulotlar uchun BAAga yo'l olamiz. U erda musobaqaoldi bir oylik yig'inni o'tkazamiz. 7-13 fevral kunlari Paralimpiya o'yinlariga hal qiluvchi lisenzion musobaqa bo'lib o'tadi. Unda sportchilarimizning munosib ishtirok etishlarini ta'minlashimiz kerak.

— Sportchilarimiz Rio-de-Janeyroda o'tgan XV Paralimpiya o'yinlariga 32 nafar sportchi bilan tashrif buyurib, 8 oltin, 6 kumush va 17 bronza medalni qo'lga kiritgan edi. Albatta, Tokio Paralimpiadasida bundan ham ko'proq medallar kutilishi tabiiy. Ayni paytda olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari, kutilayotgan natijalar haqida gapirib bersangiz.

— Ayni paytda 16ta Lisenziyamiz naqd. Bu ko'rsatkich yanada oshishi kerak. O'tgan to'rt yil davomida asosiy e'tiborni selektsiya ishlariga qaratganmiz. Tanlab olingan sportchilarga etarli sharoitlar yaratib berildi. Hatto 6-7 oylik karantin davrida ham hech bir sportchi e'tibordan chetda qolmadi. Ular bilan onlayn mashg'ulotlar o'tkazdik. Hatto eng chekka qishloqlardan ham sportchilar jalb qilindi. Ular doimo murabbiylar nazoratida turishdi. Rioda 5ta sport turi bo'yicha ishtirok etgan bo'lsak, Tokioda yana 3ta yangi yo'nalish bo'yicha Vatanimiz sharafini himoya qilishni rejalashtirganmiz. 2021 yil 1 aprelda lisenzion musobaqalar to'xtatiladi. Shu sanagacha yo'llanmalar sonini ikki barobargacha oshirishni ko'zda tutganmiz.

Selektsiya ishlarida guvohi bo'ldikki, imkoniyati cheklangan ko'plab insonlar nihoyatda tushkun, hayotga qiziqishi so'ngan kishilardir. Tug'ma nuqsondan ham ko'ra orttirilganlari juda og'ir kechadi. Ularning ruhiyatini ko'tarish uchun paralimpiyachilarimizga davlatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik, sportchilarimizning yuksak unvonlar bilan taqdirlanishi, qimmatbaho mashinalar taqdim qilinishini misol keltiramiz. Asta-sekinlik bilan ularni ruhiy botqoqlikdan olib chiqamiz. Matonat va jasorat ko'rsatishni so'raymiz. Shu yo'l bilan ular orasidan iqtidorlarni terma jamoaga jalb etyapmiz.

— Bugungi kunda o'zbekistonlik paralimpiyachilar dunyoda kuchlilar qatorida zikr etilishadi. Bu bir tomondan g'urur bag'ishlaydi, albatta. Ikkinchi tomondan, bu holat sportchilarimiz zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Shu ma'noda yig'inlarda sportchilarimiz shu vazifani his qilib mashg'ulotlar tashkil etsalar kerak. O'quv-mashg'ulot yig'inlari haqida gapirib bersangiz.

— Para-engil atletikachilarimiz Rio-2016da 7ta lisenziyani qo'lga kiritishgan edi. Bu gal esa bitta musobaqaning o'zidayoq 8ta yo'llanmani naqd qilib qo'ydik. Hali oldinda yana 3ta xalqaro startimiz bor. BAA, Tunis va Braziliyada o'tadigan musobaqalardan so'ng, jahon tasnifida kuchli 6talikka kirgan sportchilarga yo'llanma taqdim etiladi. Albatta, sog'lom insonlarga qaraganda, Paralimpiyachilarimizning uzoq masofaga uchishi ularning jismoniy holatiga ta'sir qiladi – qon aylanishi, miya faoliyatida, muhitga moslashishida buni kuzatish mumkin. Shularni inobatga olgan holda, masofa yaqin bo'lgan ikkita musobaqada qatnashish rejalashtirilgan. Shunda ham birgina para-engil atletika bo'yicha Tokio Paralimpiadasiga 14-15ta, balki undan ham ko'proq yo'llanmani qo'lga kiritish imkoniyatimiz bor.

— Rio Paralimpiadasida vakillarimiz sportning 5 ta turi – engil atletika, suzish, dzyudo, o'q otish, og'ir atletika bahslarida ishtirok etishgan edi. Yana uchta sport turi qo'shilgani haqida aytdingiz. Qaysi yo'nalishlar rivojlandi, deb hisoblaysiz? Yana qaysi turlardan natija kutishimiz mumkin?

— Ayni paytda bu yo'nalishlar bo'yicha lisenziyalar naqd qilingan. Bu ko'rsatkichni yanada yaxshilash imkoniyati bor. Bu sport turlari – para-taekvondo, para-kanoe va para-akademiya. Bu yo'nalishlarda jahon chempionlari mavjud. Ular Tokioda sovrinli o'rinlar uchun ham da'vogarlik qilishadi. Para-stol tennisi yangi yo'nalish. O'zbekiston chempionati juda ham yaxshi o'tdi. Sportchilarning qiziqishi sezilib turibdi. Iqtidorlilari bor. Xanchjou-2022 va Parij-2024 o'yinlari uchun ulardan munosib ishtirok va lisenziyalar kutib qolamiz.

Moddiy-texnik imkoniyatlarimiz, mutaxassislar malakasini hisobga olgan holda sport turlarini yanada kengaytiramiz. Paralimpiada dasturida 22 sport turi mavjud. Shulardan biri bu – bochcha. Ya'ni sog'lomlardagi kyorlingning ko'rinishi. Uch nafar ko'zi ojiz sportchining basketbol koptogini bir-biriga uzatish musobaqasi bo'lgan golbol sport turi ham bor. 5×5 ko'zi ojizlar futboli, velosport, ot sporti turlarida ham selektsiya ishlari boshlab yuborilgan. Ularni rivojlantirish bo'yicha "yo'l xaritasi" ishlab chiqilgan.

— Bu yil pandemiya sharoiti bo'lsa ham yil boshida xalqaro va mahalliy musobaqalar, karantin davrida onlayn turnirlar tashkil qilindi. Mana shu qiyin davr uchun "yilning eng yaxshi paralimpiyachisi"ni aniqlash an'anasi to'xtab qolmaydimi?

— Bu jarayon assosiasiyamiz tomonidan ko'rib chiqildi. Haqiqatdan ham sportchilarimiz mavsumda turli nuqtalardan turib musobaqalarda qatnashdi. Kimdir qulay sharoitda, yana birov hovlida ishda faol ishtirok etdi. Shularni inobatga olmasdan, yil paralimpiyachisini aniqlasak, adolatsizlik bo'ladi. Kelgusi yili ikkalasini bitta qilib taqdirlashni maqsad qilganmiz.

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

Zafar Imomxo'jaev suhbatlashdi

Text to speech