Javohir Sindarov Toshkentda tantanali kutib olindi
Kiprda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha “Nomzodlar turniri”da g‘alaba qozongan Javohir Sindarov Toshkentga qaytib keldi. Sportchimiz Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi Abdulla Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abduraxmanov, shuningdek, Sport vazirligi va MOQ rahbariyati, katta sport jamoatchiligi tomonidan “Humo” xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Tadbirda soʻz olgan rasmiylar shaxmatchimizni erishgan muvaffaqiyati bilan qutlashdi. Xususan, Abdulla Nigmatovich Javohir Sindarovni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlash haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonini oʻqib eshittirdi.
Oʻz oʻrnida sportchimiz bunday yuksak e’tirofdan mamnun ekanini bildirib oʻtdi:
“Kutib olishga chiqqan hammaga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Tayyorgarlikda Prezidentimizning yaratgan sharoitlari yordam berdi. Oʻzbekiston shaxmatda dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Balki eng kuchlisi hamdir. Avgust oyida yurtimizda boʻladigan shaxmat Olimpiadasi boʻladi. Unga katta hozirlik koʻramiz. Undan keyin e’tiborimni Gukesh Dommaraju bilan kechadigan chempionlikka qarataman. Unda gʻalaba qozonish uchun bor kuchim bilan tayyorlanaman. Yurtimizda kuchli shaxmatchilar koʻp. Nasib qilsa, bu yil chempion boʻlib, kelasi yil Nodirbek Abdusattorov bilan Jahon toji uchun oʻynash niyatim bor”.
Eslatib oʻtamiz, sportchimiz 14 ta oʻyinda 10 ochko jamgʻarishga erishgan va turli yoʻnalishlarda rekordlarni yangilab, muddatidan avval musobaqa gʻolibligini rasmiylashtirgan edi.