“Olimpiya shaharchasi”da navbatdagi xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik muhokama qilindi
Bugun Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari rahbariyati “Olimpiya shaharchasi”ga tashrif buyurdi. Uning doirasida majmuaning bugungi holati oʻrganilib, yaqin davr uchun ishlab chiqilgan rejalar muhokama qilib olindi.
Qayd etish joiz, “Olimpiya shaharchasi”dagi suv sporti markazida joriy yil bir qator nufuzli musobaqalar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Rasmiylar tashrif davomida obyektning texnik holati, xavfsizlik va xizmat koʻrsatish infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, mamlakatimizda Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirishga doir rejalar ham koʻrib chiqildi.
Yigʻilish davomida musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish uchun zarur boʻlgan tayyorgarlik ishlari, jumladan, sport jihozlarini yangilash, logistika va tibbiy taʼminot masalalari yuzasidan masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.