Yoshlar Para Osiyo oʻyinlarida umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan Oʻzbekiston delegatsiyasi tantanali kutib olindi
7-14-dekabr kunlari BAAning Dubay shahrida yoshlar Para Osiyo oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Mazkur musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza, jami 197 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan Oʻzbekiston delegatsiyasi bugun Toshkentga yetib keldi.
Musobaqa qahramonlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abduraxmanov, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari rahbariyati tomonidan tantanali kutib olindi.
Shundan soʻng “Olimpiya shaharchasi”da Dubay-2025 yoshlar Para Osiyo oʻyinlarida muvaffaqiyatga erishgan yurtdoshlarimizni taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Tantanali tadbirda Tanzila Narbayeva Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining para sportchilarga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.
Shuningdek, tadbirda soʻz olgan rasmiylar yosh para sportchilarimizni erishgan muvaffaqiyati bilan qutlab, ularning kelgusi faoliyatlarida ham ulkan zafarlar tilashdi.
Tadbir davomida musobaqada sovrindor boʻlgan sportchilar va ularning murabbiylari 1-martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.