Prezident topshiriqlari amalda aniq natijalar bermoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda sohadagi mavjud muammo va kamchiliklar tahlil qilindi, ustuvor vazifalar belgilanib, kelajakda MOQning mahallalar, oliy ta’lim muassasalari miqyosida ommaviy sportni oshirish borasida qiladigan ishlari belgilab olindi. Bundan tashqari, oldinda turgan muhim musobaqalarda munosib ishtirok etish, kelgusi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida qoʻlga kiritiladigan litsenziyalar sonini oshirish va ularga puxta tayyorgarlik koʻrish borasidagi vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, bir necha kun avval qabul qilingan “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorining mohiyati haqida ham soʻz ketdi.
Ushbu qaror ijrosi yuzasidan “UzTex Group” kompaniyalari rahbari Farhod Mamajonovning 10 milliard soʻm miqdoridagi homiylik mablagʻlarini sohaga yoʻnaltirish boʻyicha tashabbusi yurtimizdagi Olimpiya oilasi tomonidan iliq qarshi olindi va bu uchun Farhod Faxriddinovichga cheksiz minnatdorchilik bildirib qolamiz.