10 Aprel 2026 210

Taekvondo WT boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi



Xabar berganimizdek, 12-17-aprel kunlari poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida taekvondo WT boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati boʻlib oʻtadi. Bugun Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida musobaqa oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Butunjahon taekvondo federatsiyasi (World Taekwondo) vakillari dastlab muzey tarixi, oʻzbek sportining yutuqlari va shonli oʻtmishi bilan yaqindan tanishdi. Matbuot anjumanida World Taekwondo, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi rahbariyati, musobaqada ishtirok etadigan sportchilarimiz hamda OAV vakillari qatnashdi.

Tadbir davomida World Taekwondo yetakchisi Chungvon Choi mamlakatimizdagi taekvondo rivoji haqida oʻzining iliq fikrlarini bildirib oʻtdi:

“Oʻzbekiston Tokio-2020, Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida ham taekvondo, ham para taekvondo bellashuvlarida oltin medal qoʻlga kiritgan yagona mamlakat boʻldi. Hatto taekvondo vatani Janubiy Koreya ham bunday natijaga ega emas. Kecha Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, katta taassurot oldim. Yurtingizning boy madaniy merosga ega ekaniga jamoam bilan amin boʻldik. Mamlakatingizda qad rostlagan Olimpiya shaharchasi ham sport taraqqiyoti yangi bosqichga koʻtarilayotganidan dalolat beradi. Oʻzbekiston kadetlar oʻrtasidagi jahon chempionatini muvaffaqiyatli oʻtkazgan. Yoshlar miqyosidagi musobaqaga aʼlo darajada tayyorgarlik koʻrildi. Toshkent kelgusida kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiligini ham qabul qilsa, mamnun boʻlamiz”.

Oʻz navbatida, oʻzbekistonlik rasmiylar davlatimiz tomonidan taekvondo rivojiga qaratilayotgan eʼtibor va buning natijasida jahon chempionati hamda Olimpiadalarda sportchilarimiz munosib ishtirok etayotganini, buning uchun zarur infratuzilma yaratilganini taʼkidlashdi.

Anjuman davomida World Taekwondo masʼullari ertaga boʻlib oʻtadigan tashkilot Bosh Assambleyasida yangi qoidalar maʼqullanishi kutilayotgani va yurtimizda boʻladigan musobaqa sinov tariqasida ana shu oʻzgarishlar asosida oʻtkazilishini maʼlum qilishdi.

15-bor tashkil etiladigan joriy musobaqada dunyoning 115 mamlakatidan 1000 nafarga yaqin sportchi ishtirok etadi. Anjuman davomida OAV vakillari musobaqa yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Text to speech