Ishchi guruhning Samarqand safari Imom Buxoriy maqbarasining ziyoratidan boshlandi
Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari rahabariyati hududlardagi sport infratuzilmasining hozirgi holatini oʻrganish maqsadida bugun Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. Rasmiylarni viloyat hokimi Adiz Boboyev qarshi oldi.
Ishchi guruh tashrifni Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Mehmonlar majmuada yaratilgan sharoitlar va amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, ulugʻ alloma merosini oʻrganishdi va unga yuksak ehtirom izhor etishdi.
Ushbu qutlugʻ qadamjo davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan maʼnaviy merosiga munosib tarzda qaytadan bunyod etilgan. Maʼlumotlurga koʻra, keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari natijasida Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, bugungi kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.