Aichi–Nagoya-2026 qahramonlari tantanali kutib olindi
Joriy yilning 19-sentyabr – 4-oktyabr kunlari Yaponiyada tashkil etilgan Aichi-Nagoya-2026 XX yozgi Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan O‘zbekiston delegatsiyasi tantanali kutib olindi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tashkil etilgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat vakillari va boshqa mutasaddilar, shuningdek, sportchilarning yaqinlari ishtirok etib, Aichi–Nagoya-2026 qahramonlarini munosib kutib oldilar.
Tantanali tadbir davomida Abdulla Nigmatovich muzaffar sportchilarimizni Osiyo o‘yinlarida erishilgan yuksak natijalar bilan muborakbod etib, ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigini o‘qib eshittirdi.
O‘z navbatida, sportchilar nomidan so‘z olgan Osiyo o‘yinlari chempionlari Toʻrabek Habibullayev hamda Barnoxon Sayfullayeva davlatimiz tomonidan sportchilar uchun yaratilayotgan sharoit va ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnun ekanliklarini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, qit’aning eng nufuzli kompleks musobaqasida O‘zbekiston delegatsiyasi 42 ta sport turida qatnashdi. Sportchilarimiz Oʻyinlarni 70 ta medal bilan yakunladi. Shundan 21 tasi oltin, 25 tasi kumush va 24 tasi bronza medallaridir. Mazkur natija mamlakatimizga umumjamoa hisobida 45 mamlakat orasida 5-o‘rinni egallash imkonini berdi.