16 Sentyabr 2026 151

Toshkentda 6-Xalqaro qilichbozlik kongressi oʻz ishini boshladi

Poytaxtimizda 6-Xalqaro qilichbozlik kongressi boshlandi. Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 150 nafardan ziyod delegatni oʻzida jamlagan nufuzli tadbirda qilichbozlik sportining bugungi holati, istiqbollari va global rivojlanishiga oid muhim masalalar muhokama qilinmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE), Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, shuningdek, FIEning mintaqaviy konfederatsiyalari rahbariyati va masʼul vakillari ishtirok etishdi.

Kongress doirasida qilichbozlikni xalqaro miqyosda yanada rivojlantirish, sportchilar uchun musobaqa va tayyorgarlik sharoitlarini takomillashtirish, hakamlik tizimi, murabbiylar tayyorlash, yoshlar oʻrtasida qilichbozlikni ommalashtirish hamda xalqaro sport hamkorligini kengaytirishga qaratilgan qator masalalar muhokama qilinadi.

Shuningdek, tadbir davomida kelasi yil poytaxtimizda oʻtkazilishi rejalashtirilgan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatiga tayyorgarlik masalalari ham atroflicha koʻrib chiqilishi belgilangan.

Kongress davomida ishtirokchilar tomonidan bildiriladigan taklif va tashabbuslar kelgusida qilichbozlik sportining taraqqiyoti, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi avlod sportchilarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Text to speech