4 Sentyabr 2026 107

Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyi 30 yoshda

Oʻttiz yil avval Toshkentda Oʻzbekiston sporti uchun muhim maskan — Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyi tashkil etilgan edi. Bu yil muzey oʻzining 30 yilligini nishonlamoqda.

Bugun yubiley munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Sport vaziri Adham Ikramov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Bahodir Maxsitov boshchiligidagi sport faxriylari, Olimpiya harakati faollari va sport jamoatchiligi ishtirok etishdi.

Muzey tarixi 1996-yildan boshlanadi. Uning ochilish marosimida oʻsha paytdagi Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti Xuan Antonio Samaranchning shaxsan ishtirok etgani ushbu voqeaning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini koʻrsatadi. Dunyoda Olimpiya harakati tarixiga bagʻishlangan bunday muzeylar koʻp emas.

Oʻtgan 30 yil davomida bu yerda Oʻzbekiston sportining katta tarixi jamlandi. Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlaridagi gʻalabalar, sportchilarimizning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari, turli davrlarga oid noyob eksponatlar va tarixiy materiallar bugun muzey fondining muhim qismini tashkil etadi.

Muzey faqat oʻtmish haqida emas. Bu yerda yosh avlod mamlakatimiz sporti qanday yoʻlni bosib oʻtganini, bugungi natijalar ortida qanday mehnat va tarix turganini koʻrishi mumkin. Shu maʼnoda, muzey sport merosini saqlash bilan birga, uni keyingi avlodga yetkazadigan muhim maskan boʻlib xizmat qilmoqda.

Tantanali tadbir yakunida muzey direktoriga “BYD Chazor” avtomobili topshirildi.

Text to speech