Jizzaxda yangi qilichbozlik zali va padel korti foydalanishga topshirildi
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida jizzaxlik yosh sportchilar uchun Milliy Olimpiya qoʻmitasi va uning homiylari tomonidan yangi sport obyektlari foydalanishga topshirildi. Shahardagi Yakkakurashga ixtisoslashgan sport maktabi hududida yangi qilichbozlik zali, Zarbdor tumanida esa padel korti barpo etildi.
Obyektlarning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Ulugʻbek Mustafoyev, Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov va koʻp sonli yoshlar ishtirok etishdi. Rasmiylar eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida topshirilayotgan ushbu maydonlar kelgusida oʻzbek sporti uchun yangi nomlarni yetishtirib berishiga xizmat qilishini taʼkidlashdi.
Qilichbozlik zali 18x36 metr oʻlchamga ega. Energiya samaradorligiga alohida eʼtibor qaratilgan obyekt quyosh panellari bilan ham jihozlangan. Bu yechim sport inshootining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini muqobil energiya manbalari orqali taʼminlashga xizmat qiladi va yoshlarga yilning har qaysi faslida qulay muhitda shugʻullanish imkoniyatini beradi. Shuningdek, padel korti ham zamonaviy qoplama bilan jihozlangan boʻlib, uzoq yillar davomida yoshlarning ushbu sport bilan shugʻullanishlari va yangi iqtidorlarni kashf qilishga yordam beradi.