Oʻzbekiston delegatsiyasining Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlariga tayyorgarligi muhokama qilindi
Bugun Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlari start olishiga roppa-rosa bir oy qoldi. Shu munosabat bilan Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati ishtirokida boʻlajak yirik kompleks musobaqaga, shuningdek, “Prezident Olimpiadasi”ning final bosqichiga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston delegatsiyasining Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlaridagi ishtiroki, sportchilarning tayyorgarlik holati va musobaqadagi imkoniyatlari yuzasidan maʼlumotlar taqdim etildi. Xususan, delegatsiyamiz qatnashayotgan sport turlari hamda ularning imkoniyatlari har bir atlet kesimida muhokama qilindi va batafsil koʻrib chiqildi. Masʼullarga musobaqada munosib ishtirok etish, barcha sport turida maksimal natija uchun kurashish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, “Prezident Olimpiadasi” final bosqichini yuqori saviyada tashkil etish masalalari ham atroflicha koʻrib chiqildi. Final dasturiga kiritilgan sport turlari, bellashuvlar oʻtkaziladigan inshootlar, mehmonlarni joylashtirish, arenalarni bezatish hamda tashkiliy ishlar bilan bogʻliq boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Yigʻilish yakunida har ikki yirik sport tadbiriga tayyorgarlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.