Qitʼa chempionati oldidan Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasining yigʻilishi oʻtkazildi
Ertaga poytaxtimizda start oladigan ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati oldidan Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi (OOAF) Ijroiya qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi Prezidenti Muhammad Jalud, OOAF rahbari Muhammad Yusеf Al Mana, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Sport vaziri oʻrinbosari, mamlakat ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov hamda Oʻzbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi.
Tadbirda joriy yil Yaponiyada oʻtkaziladigan Osiyo oʻyinlari, Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladigan Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlariga olib borilayotgan hozirlik, kelasi yil Koreya Respublikasida tashkil qilinadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik masalalari atroflicha koʻrib chiqildi. Shuningdek, anjuman doirasida rasmiylar mamlakatimiz oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati mezbonligiga munosib tayyorgarlik koʻrganini alohida eʼtirof etishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida yurtimizda ogʻir atletika sportini rivojlantirishga qoʻshayotgan munosib hissasi uchun OOAF prezidenti Muhammad Yusеf Almanaga “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni topshirildi.