Bahodir Jalolov sport maktabining ilk bitiruvchilari taqdirlandi
Bugun Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabida 2025-2026 oʻquv yilini muvaffaqiyatli yakunlagan ilk bitiruvchilarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi hamda Oʻzbekiston boks federatsiyasi rahbariyati, ikki karra Olimpiya chempioni Bahodir Jalolov ishtirok etdi.
Rasmiylar bitiruvchilarni ushbu muhim bosqich bilan samimiy tabriklab, ularning kelgusida oʻz bilim va tajribalarini yurtimizda boks rivojiga safarbar etishi, iqtidorli yosh sportchilarni tarbiyalash hamda milliy terma jamoalar uchun munosib zaxira tayyorlash yoʻlida munosib hissa qoʻshishiga ishonch bildirishdi.
Maʼlumot uchun, Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabi 2024-yilda oʻz faoliyatini boshlagan boʻlib, ayni paytda unda 161 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Joriy yilda 24 nafar oʻquvchi ushbu taʼlim muassasasining ilk bitiruvchilari sifatida diplom va trenerlik sertifikatlariga sazovor boʻldi.