16 Iyul 2026 91

Aichi-Nagoya-2026: Yengil atletika va chim ustida xokkey federatsiyalarining tayyorgarligi koʻrib chiqildi

Sport vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov hamda MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov bugun Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan yengil atletika va chim ustida xokkey boʻyicha terma jamoalarimizning rejalari bilan tanishdi.

Maʼlumki, yengil atletika kompleks musobaqalarda eng koʻp medallar jamlanmasi oʻynaladigan sport turi hisoblanadi. Biroq suhbat davomida terma jamoamiz ushbu imkoniyatdan unumli foydalana olmayotgani taʼkidlab oʻtildi. Mutaxassislar boʻlajak Oʻyinlarda qatnashishi kutilayotgan sportchilarimiz, ularning imkoniyatlari, joriy mavsum qayd etib borayotgan koʻrsatkichlari va asosiy raqiblari haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishdi.

Chim ustida xokkey boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar va ayollar terma jamoalarida Osiyo oʻyinlarida ishtirok etish imkoniyati mavjud. Uchrashuvda terma jamoaga jalb etilishi kutilayotgan sportchilar, jamoa imkoniyatlari atroflicha tahlil qilindi. Qolaversa, terma jamoalar uchun mahalliy va xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini samarali tashkil qilish boʻyicha kerakli tavsiyalar berib oʻtildi.

Text to speech