Aichi-Nagoya-2026: Tennis, triatlon, zamonaviy beshkurash hamda yilqichilik va ot sporti federatsiyalarining rejalari oʻrganildi
Joriy yilning eng yirik sport tadbirlaridan biri – Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik jarayonini oʻrganish ishlari davom etadi. Sport vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov hamda MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov bugun Oʻzbekiston tennis, triatlon, zamonaviy beshkurash hamda yilqichilik va ot sporti federatsiyalarida boʻlib, terma jamoalarning rejalari bilan tanishdi.
Suhbat davomida musobaqalarda ishtirok etishi kutilayotgan sportchilarimiz tarkibi, ularning imkoniyatlari, potensial raqiblari atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, atletlarimizni Oʻyinlar davomida yuqori sport formaga kirib borishlarini taʼminlash uchun ular qatnashadigan musobaqa, mahalliy va xorijiy oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Oʻz navbatida, rasmiylar tayyorgarlik jarayonini yanada puxta ishlab chiqish, terma jamoalar uchun barcha sharoitlarni yaratish yuzasidan zarur tavsiya va topshiriqlarni berib oʻtishdi.