10 Iyul 2026 107

Sport vazirligida Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Sport vazirligida joriy yilning birinchi yarmida sport sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda ikkinchi yarim yillikda bajarilishi belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda sport tizimidagi barcha tashkilotlar rahbariyati, sport boshqarmalari vakillari bevosita ishtirok etdi, hududlardagi sport muassasalari vakillari esa onlayn (ZOOM orqali) kuzatib borishdi.

Yig‘ilish davomida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining birinchi va ikkinchi bosqichlari yakunlari atroflicha tahlil qilinib, erishilgan natijalar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi. Shuningdek, ommaviy sportni yanada rivojlantirish, aholining jismoniy faolligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar chuqur ko‘rib chiqildi. Bu borada ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlar faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Hay’at yig‘ilishida yilning ikkinchi yarmidagi ustuvor vazifalar ham belgilab olindi. Xususan, “Prezident Olimpiadasi”ni yuqori saviyada tashkil etish va unga puxta tayyorgarlik ko‘rish, Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlari, Dakar-2026 yozgi yoshlar Olimpiya oʻyinlari hamda Ar-Riyod-2026 Jang san’ati va yopiq inshootlaridagi Osiyo oʻyinlarida o‘tkaziladigan yirik kompleks musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etish, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Shaxmat Olimpiadasi hamda suzish bo‘yicha Jahon kubogiga har tomonlama hozirlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar berildi.

Text to speech