Aichi-Nagoya-2026: Ogʻir atletika, taekvondo va gimnastika turlari boʻyicha tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi
Sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov hamda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganish maqsadida bir qator sport federatsiyalariga tashrif buyurdi.
Mas’ullar O‘zbekiston og‘ir atletika va gimnastika federatsiyalari, shuningdek, mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasida bo‘lishdi. Mazkur federatsiyalar rahbariyati, murabbiylar va mutaxassislar ishtirokida sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarning tayyorgarlik holati atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamalar chog‘ida sportchilarning mashg‘ulot rejalari, xalqaro musobaqalarda ishtirok etish taqvimi, Osiyo o‘yinlarida yuqori natijalar qayd etishi kutilayotgan sportchilar tayyorgarligi, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, ilmiy-metodik va tibbiy ta’minot masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib oʻtamiz, Aichi–Nagoya-2026 yozgi Osiyo o‘yinlari 19-sentabr — 4-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi.