Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tantanali kutib olindi
Bugun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oʻz tarixida ilk bor jahon chempionatida ishtirok etgan futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasini kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat mutasaddilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abduraxmanov, shuningdek, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari, OʻFA rahbariyati va katta jamoatchilik qatnashdi.
Marosimda soʻz olgan rasmiylar terma jamoamizning tarixda birinchi bor mundialda qatnashib, Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR kabi kuchli jamoalarga qarshilik koʻrsatganini, ushbu ishtirok orqali orttirilgan tajriba kelgusida yangi yutuqlarga poydevor boʻlishini ta’kidlashdi.
Shuningdek, tadbirning boshqa mehmonlari, ijodkorlar, milliy terma jamoa a’zolariga minnatdorlik bildirilib, ularga kelgusi yil oʻtadigan Osiyo kubogida yanada yuksak natijalar qayd etishlarini tilashdi.
Oʻz navbatida, terma jamoa sardori Eldor Shomurodov futbolchilarimiz nomidan ularni qoʻllab-quvvatlab turgan barchaga tashakkur aytib, kelgusida chiroyli gʻalabalar bilan barchani xursand qilishga bor kuchlarini berishlarini bildirib oʻtdi.