4 Iyun 2026 313

“Mikrokreditbank“ ATB – Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining yangi “Platinum“ hamkori

Joriy yilning 7-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston MOQ raisi Sh.M.Mirziyoyev boshchiligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sport sohasiga xususiy sektor va homiy tashkilotlarni keng jalb etish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining “Platinum hamkor” maqomini qoʻlga kiritdi.

Hamkorlik memorandumi imzolash tadbirida Oʻzbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ikrom Djumaniyazov, shuningdek, oʻzbek sportining taniqli vakillari ishtirok etishdi. Unda soʻz olgan rasmiylar oʻzbek sporti rivojini yangi bosqichga olib chiqishda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishdan mamnun ekanliklarini ta’kidlashdi.

Hamkorlik doirasida mazkur bank mamlakatimizda oʻtkaziladigan qator sport musobaqalari va Olimpiya harakatiga oid tadbirlarda hamkor sifatida ishtirok etadi. Tomonlar mazkur sheriklik orqali milliy sportni yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro maydonda Oʻzbekiston nufuzini yanada mustahkamlash yoʻlida izchil faoliyat olib borishga kelishib oldilar.

Qayd etish joiz, “Mikrokreditbank” mamlakatimiz moliya sektoridagi yetakchi banklardan biri boʻlib, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va aholiga sifatli bank xizmatlarini koʻrsatish borasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Text to speech