“Prezident Olimpiadasi”da faoliyat olib borgan volontyorlar taqdirlandi
24-noyabr – 3-dekabr kunlari boʻlib oʻtgan “Prezident Olimpiadasi” musobaqalarining yuqori saviyada tashkil etilishida volontyorlar xizmatining hissasi beqiyos boʻldi. Bugun oʻtgan “Vazir va yoshlar uchrashuvi” tadbirida Sport vaziri Adham Ikramov hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov mazkur musobaqa davomida samarali faoliyat olib borgan koʻngillilar jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.
Tadbirda rasmiylar yurtimizda jadal rivojlanayotgan volontyorlik harakati nufuzli sport va ommaviy tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazishda muhim oʻrin tutayotganini, ular doimo sport musobaqalarining ajralmas qismi boʻlib kelayotganini alohida taʼkidladilar. Qayd etish joiz, musobaqada Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Yosh sport liderlari dasturidan 200 nafar volontyor faoliyat olib bordi.
Shu tariqa, “Prezident Olimpiadasi” doirasida ishlagan koʻngillilar nafaqat musobaqalarning muvaffaqiyatli oʻtishiga, balki mamlakatimizda sport madaniyati va fuqarolik faolligini yuksaltirishga ham munosib hissa qoʻshgani eʼtirof etildi.