FIA Prezidenti Muhammad Ben Sulayem Toshkentda “Girls on track” loyihasi bilan tanishdi va hamkorlik memorandumini imzoladi
Bir necha kun davomida Toshkentda “FIA General Assemblies Week” tadbirlari boʻlib oʻtadi. Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Bosh assambleyasi va yil yakunlariga bagʻishlangan turli tadbirlarning faxriy mehmoni — FIA Prezidenti Muhammad Ben Sulayem bugun poytaxtimizga tashrif buyurdi.
Martabali mehmonni Sport vazirligi, MOQ hamda mamlakat avtosport va karting federatsiyasi rahbariyati kutib oldi. Tashrif doirasida rasmiylar “Girls on track” loyihasida qatnashayotgan qizlar bilan uchrashib, ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlashdi.
Shuningdek, Sport vazirligida har ikki tomon oʻrtasida uchrashuv oʻtkazilib, unda bo‘lajak tadbirga tayyorgarlik jarayonlari, oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqboldagi qoʻshma loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Qolaversa, Sport vazirligi va FIA oʻrtasida “Sportda onlayn tajovuzga qarshi birlashish” (United against online abuse) loyihasi doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi.