10 Dekabr 2025 147

FIA delegatsiyasi Toshkentdagi Yagona tezkor boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi

Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Prezidenti Muhammad Ben Sulayem boshchiligidagi delegatsiya bugun Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Yagona tezkor qidiruv boshqaruv markaziga tashrif buyurdi. Delegatsiyani Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov qarshi oldi. Rasmiylar tashrif davomida mehmonlarni markaz faoliyati bilan tanishtirib, uning imkoniyatlari va ishlash tizimi haqida batafsil maʼlumot berishdi.

Masʼul tashkilotlarning mutasaddilari ishtirokida oʻtgan uchrashuvda Markazning imkoniyatlarini avtosport yoʻnalishiga integratsiya qilish, shuningdek, FIA ning asosiy tamoyillaridan boʻlgan yoʻl harakati xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi. Xususan, Markaz xodimlari tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalari asosida yoʻl harakati jarayonlarini kuzatish, sodir boʻlishi mumkin boʻlgan xavfli holatlarni barvaqt aniqlash va ularga tezkor reaksiya koʻrsatish boʻyicha imkoniyatlar koʻrib chiqildi.

Tomonlar uchrashuv davomida avtosport tadbirlari uchun xavfsiz muhit yaratish, oʻzaro amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, avtosport sohasida xavfsizlik standartlarini yangi bosqichga olib chiqish kabi mavzularda fikr almashishdi.

Text to speech