9 Fevral 2026 116

Kun dayjesti: Italiyada qishki Olimpiada, yengil atletikachilarimiz va “klassik” kurashchilarimizdan medallar

🏆 XXV qishki Olimpiya oʻyinlarida Norvegiya yetakchiga aylandi

Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetso shaharlarida XXV qishki Olimpiya oʻyinlari qizgʻin davom etmoqda. 2-kun yakuniga koʻra Norvegiya terma jamoasi 3 ta 🥇 oltin, 1 ta 🥈 kumush va 2 ta 🥉 bronza medal bilan umumjamoa hisobida yetakchiga aylandi. Bugun togʻ changʻisi, fristayl, tramplindan sakrash, snoubord va konkida yugurish bahslarida medallar jamlanmasi oʻynaladi.

🏃‍♂️ Yengil atletikachilarimiz Osiyo chempionatini 4 ta medal bilan tugatishdi

Xitoyning Tyanszin shahrida yengil atletika boʻyicha yopiq inshootdagi Osiyo chempionati nihoyasiga yetdi. Soʻnggi kun bahslarida Valeriya Gorbatova balandlikka sakrashda 🥇 oltin, Saboxat Samijonova 800 metr masofaga yugurish dasturida 🥈 kumush medalni qoʻlga kiritdi. Shu tariqa, Oʻzbekiston terma jamoasi musobaqani 3 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan yakunladi.

🤼 “Klassik” kurashchilarimiz yilning ilk turnirida 6 ta medal jamgʻarishdi

Xorvatiyada yunon-rum kurashi boʻyicha “Zagreb Open” turniri oʻz yakuniga yetdi. Soʻnggi kun polvonlarimizdan Ixtiyor Botirov (-55 kg) va Alisher Gʻaniyev (-60 kg) 🥈 kumush, Shahzod Qoʻchqorov (-72 kg) 🥉 bronza medaliga sazovor boʻlishdi. Umumiy hisobda terma jamoamiz 1 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medal jamgʻardi.

🐎 Bekzod Qurbonov Sharja turnirida sovrindor boʻldi

BAAning Sharja shahrida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha CSI3* musobaqasi oʻtkazildi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi a’zosi Bekzod Qurbonov 145 sm balandlikda kechgan bellashuvlarda 🥈 kumush medalni qoʻlga kiritdi.

Text to speech