Kun dayjesti: Qatarda ogʻir atletikachilarimizning muvaffaqiyati, konkurchilarimizdan Sharjada 3 ta medal, OFKda yangi turnir
Ogʻir atletikachimiz Qatarda oʻtayotgan turnirni 6 ta medal bilan boshlashdi
Ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Doha shahrida tashkil etilayotgan “Qatar weightlifting cup” musobaqasida ishtirok etmoqda. Hamyurtlarimiz ayni paytgacha 6 ta medal jamgʻarishga erishdilar. Munisa Odilova -48 kg vazn toifasida 3 ta kumush medalga ega chiqqan boʻlsa, Adhamjon Ergashev -65 kg vaznda 3 ta bronza medali bilan taqdirlandi.
Chavandozlarimiz Sharjadagi turnirda 2 ta medalga sazovor boʻlishdi
BAAning Sharja shahrida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha xalqaro musobaqa oʻtkazildi. Unda qatnashgan Oʻzbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta oltin va 1 ta bronza medallariga egalik qilishdi. Oltin medallarga Abdurahmon Abdullayev balandligi 140 va 145 sm boʻlgan toʻsiqlardan sakrash dasturida erishgan boʻlsa, Bahromjon Gaziyev 125 sm balandlikdagibtoʻsiqlardan sakrash yoʻnalishida kuchli uchlikdan joy oldi.
OFK tasnifida yangi turnir yoʻlga qoʻyiladi
Osiyo futbol konfederatsiyasi milliy terma jamoalar futbolini yanada rivojlantirish maqsadida “AFC Nations League” (OFK Millatlar Ligasi) musobaqasini joriy etish rejasini ma’lum qildi. Yangi turnir Osiyo mamlakatlari uchun xalqaro uchrashuvlar tizimini yanada tartibli va barqaror qilishga qaratilgan. Musobaqaning formati, amalga oshirish bosqichlari va aniq muddatlari OFK qo‘mitalarining muhokamalaridan so‘ng rasman e’lon qilinadi.
Zamonaviy beshkurash boʻyicha Oʻzbekiston kubogi bahslari oʻtkazildi
Andijonda zamonaviy beshkurash boʻyicha turli yosh toifalaridagi Oʻzbekiston kubogi bahslari boʻlib oʻtdi. Andijon shahridagi 2-son sport maktabi mezbonlik qilgan musobaqada yurtimizning turli hududlaridan kelgan sportchilar bahs olib borishdi. Bellashuvlarni murabbiylar shtabi katta e’tibor bilan kuzatib bordi va yuqori natija qayd etgan sportchilarni yangi mavsumda terma jamoaga nomzod sifatida belgilab oldi.