Kun dayjesti: Chavandozimiz Abu-Dabida sovrindor, yosh bokschi qizlar saralanmoqda, taekvondochilarimiz ham yangi mavsumga tayyorlanishmoqda
🏇 Bekzod Qurbonov Abu-Dabidagi nufuzli turnirda sovrindor boʻldi
7-11-yanvar kunlari BAAning Abu-Dabi shahrida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha CSI 5* tasnifidagi nufuzli musobaqa boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Bekzod Qurbonov Gran-pri dasturida ikkinchi natijani qayd etdi va kumush medalga sazovor boʻldi. Hamyurtimiz ushbu muvaffaqiyatga “Santos Hippica” laqabli tulpori bilan erishdi.
🥊 Boks boʻyicha oʻsmir va yosh qizlar oʻrtasida mamlakat chempionati oʻtkazilmoqda
Shu kunlarda poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida boks boʻyicha qizlar (oʻsmirlar hamda yoshlar) oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtmoqda. Ayni paytda musobaqa oʻzining hal qiluvchi pallasiga kirib ulgurgan. Bugundan yarim final janglari start oldi. Rejaga koʻra, 14-yanvar kuni final bahslari tashkil etiladi.
🥋 Taekvondochilarimiz ham yangi mavsumga tayyorgarlikni olib borishmoqda
Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi toʻliq tarkibda poytaxtimizda mashgʻulotlarga kirishdi. “Universal” sport saroyida oʻtkazilayotgan yilning ilk oʻquv-mashgʻulot yigʻinida jami 45 nafar taekvondochilarimiz ishtirok etmoqda. Mashgʻulotlar kuniga ikki mahaldan oʻtkazilib, unda asosan, sportchilarning texnik va taktik koʻnikmalari ustida ishlanmoqda.