Kun dayjesti: Qosimhojiyev va Osipova reytingda peshqadam, konkurchimizdan kumush medal, oʻzbek dzyudosidagi 2 yoʻnalish “IJF Judo Awards 2025” nominantlari orasida
Ikki taekvondochimiz yilni reyting yetakchisi sifatida yakunlaydi
Butunjahon taekvondo federatsiyasi 2025-yil yakunlari boʻyicha jahon reytingini eʼlon qildi. Ahamiyatlisi, unda Oʻzbekiston terma jamoasining 2 nafar vakili Najmiddin Qosimhojiyev (-74 kg) hamda Svetlana Osipova (+73 kg) yilni oʻz vazn toifasida birinchi oʻrinda tugatishi koʻrsatilgan. Eslatib oʻtamiz, Qosimhojiyev joriy yil jahon chempionatida oltin, Osipova esa kumush medalni qoʻlga kiritgan.
Abdurahmon Abdullayev kumush medalga sazovor boʻldi
BAAning Al Ayn shahrida CSI3* tasnifidagi xalqaro musobaqa boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ham ishtirok etib, kumush medalga sazovor boʻlishdi. 145 sm balandlikdagi toʻsiqlardan sakrash dasturida qatnashgan Abdurahmon Abdullayev “OTTO VAN DE ACHTERHOEK” laqabli otida ikkinchi natijani qayd etdi.
Oʻzbek dzyudosiga oid 2 yoʻnalish “IJF Judo Awards 2025” nominantlari qatorida
Xalqaro dzyudo federatsiyasi 2025-yil yakunlariga koʻra turli yoʻnalishlar boʻyicha nominantlarni eʼlon qildi. Unda Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova dzyudo klubi “Bolalar uchun yilning eng yaxshi loyihasi”, Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Orlyan-Sipryan Flisning faoliyati esa “Yilning murabbiylik yutugʻi” yoʻnalishlarida nomzod sifatida eʼtirof etilgan.