Kun dayjesti: Qishki Olimpiada yakuni, “Stranja” boshlanmoqda, qilichbozlarimiz Indoneziyada
🏆 Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya oʻyinlari nihoyasiga yetdi
Italiyaning Milan va Kortina-dʻAmpesso shaharlari mezbonlik qilgan XXV qishki Olimpiya oʻyinlari oʻz yakuniga yetdi. 6-22-fevral kunlari boʻlib oʻtgan musobaqada 92 jamoadan 3000 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi. Yakunda Norvegiya delegatsiyasi 18 ta oltin, 12 ta kumush va 11 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, AQSh, Niderlandiya, Italiya va Germaniya davlatlari kuchli beshlikdan joy olishdi.
🥊 Sofiyada “Stranja” turniri boshlanmoqda
Bugun Bolgariya poytaxtida boks boʻyicha “Kichik jahon chempionati” nomini olgan “Stranja” xalqaro musobaqasi start oladi. 77-bor oʻtkazilayotgan mazkur turnirda Oʻzbekiston erkaklar va ayollar terma jamoalari katta tarkibda ishtirok etmoqda. 1-mart kunigacha davom etadigan bellashuvlarda jami 30 nafar bokschimiz medallar uchun bahs olib boradi.
🤺 Qilichbozlarimiz Osiyo chempionatida ishtirok etishmoqda
Shu kunlarda Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida qilichbozlik boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati boʻlib oʻtmoqda. 27-fevralga qadar davom etadigan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi vakillari ham sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib borishmoqda. Dasturga koʻra, bugun yigitlar sablya va shpaga, qizlar esa rapira qurolida jamoaviy yoʻnalishda sovrinli oʻrinlar uchun bellashishyapti.