3 Avgust 2021 5396

Olimpiada rekordchisi va chempioni Akbar Jo‘rayev!

Hozirgina og‘ir atletikachimiz Akbar Jo‘rayev Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, delegatsiyamizga navbatdagi medalni taqdim qildi.

Jo‘rayev dast ko‘tarish mashqini 193 kg bilan yakunladi va asosiy raqobatchisidan 2 kg ortda qolayotgan edi. Biroq siltab ko‘tarish mashqida 237 kg toshni ko‘tarib, Olimpiada rekordi va oltin medalini qo‘lga kiritmoqda.

Og‘ir atletika, -109 kg:
1. Akbar Jo‘rayev (O‘zbekiston) – 430 (193+237) kg Olimpiada rekordi;
2. Simon Martirosyan (Armaniston) – 423 (195+228) kg;
3. Arturs Plesniyeks (Latviya) – 410 (180+230).

Qayd etish joiz, Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida Ruslan Nurudinov oltin medal yo‘lida aynan ushbu armanistonlik atletni ortda qoldirgan edi. Eslasangiz, o‘shanda u ham siltab ko‘tarish mashqida 237 kg toshni ko‘tarib, Olimpiya rekordini qayd etgan. Bu gal Jo‘rayev ham siltab ko‘tarish, ham ikki kurash (430 kg) yo‘nalishi bo‘yicha Olimpiada rekordchiga aylanmoqda!

Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng delegatsiyamiz hisobidagi medallar 2 ta oltin va 1 ta bronzani tashkil etmoqda. Bu bilan umumjamoa hisobida 27-pog‘onaga ko‘tarilib oldik!

Foto: Anvar Ilyasov

Text to speech