Oʻzbekistonlik rasmiylar WADA Butunjahon konferensiyasida qatnashishmoqda
Koreya Respublikasining Pusan shahrida Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning navbatdagi Butunjahon konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur nufuzli anjumanda Oʻzbekiston nomidan Sport vaziri Adham Ikramov hamda Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sodiqov ishtirok etmoqda.
Konferensiya doirasida 2027-yildan amalga kirishi belgilangan Butunjahon antidoping kodeksining yangi tahriri atroflicha muhokama etilmoqda. Ushbu hujjatda xalqaro antidoping tizimida shaffoflik, samaradorlik va sportchi huquqlarini taʼminlashga qaratilgan qator yangiliklar oʻz aksini topgan.
Oʻzbekistonlik mutasaddilar anjuman doirasida XOQ Prezidenti Kirsti Koventri, WADA Prezidenti Vitold Banka, XOQ faxriy Prezidenti Tomas Bax va boshqa nufuzli rasmiylar bilan muloqot qilib, antidoping sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama etmoqdalar.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan oʻtkazilayotgan uchrashuvlar chogʻida 2026-yil 26-27-yanvar kunlari mamlakatimizda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Mintaqaviy antidoping tashkiloti (RADOCA)ning yillik hisobot yigʻilishiga oid masalalar yuzasidan ham fikr almashilmoqda.






