FIA Bosh Assambleyasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
Ma’lumki, joriy yil dekabr oyida Markaziy Osiyo tarixida ilk bor poytaxtimizda FIA — Xalqaro Avtomobil Federatsiyasi Bosh Assambleyasi hamda nufuzli FIA Awards taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida Qoʻmita rahbariyati hamda mamlakat Avtosport va karting milliy federatsiyasi ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur yirik tadbirga tayyorgarlik jarayonlari batafsil ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida MOQ rahbariyati tomonidan bir qator aniq vazifalar belgilab berildi. Jumladan, tadbirni yuqori saviyada tashkil etish, nufuzli xorijiy delegatsiyalarni kutib olish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish, xavfsizlik va mehmonlar qulayligini ta’minlash, shuningdek, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Alohida e’tibor logistika masalalari, volontyorlar faoliyati, ishtirokchilarni axborot bilan ta’minlash ishlari hamda ular uchun madaniy dastur shakllantirishga qaratildi. Bunday yuksak maqomga ega tadbirni o‘tkazish barcha tuzilmalar tomonidan maksimal uyg‘unlik va yuqori mas’uliyatni talab qilishi rasmiylar tomonidan ta’kidlandi.




