29 Iyul 2021 2116

O‘zbekiston MOQ mutasaddilari Tokioda Olimpiya o‘yinlarida boks musobaqalarini o‘tkazishga masʼul bo‘lgan Morinari Vatanabe bilan uchrashishdi

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining boks bellashuvlarida baʼzi bahslar yuzasidan eʼlon qilingan qarorlar keng ommaning eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Maʼlumki, ushbu Olimpiya o‘yinlarida boks bahslarini o‘tkazish Xalqaro bokschilar assotsiatsiyasiga (AIBA) emas, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomonidan tuzilgan maxsus komissiyaga topshirilgan. Unga esa Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti, yaponiyalik Morinari Vatanabe rahbarlik qilmoqda.

Musobaqa davomida ayrim delegatsiyalar boks bo‘yicha musobaqalardagi hakamlik yuzasidan o‘z noroziliklarini maʼlum qilishdi. Shu jumladan, O‘zbekiston MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov ham Morinari Vatanabe bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritib olishdi.

Maxsus komissiya uchrashuv davomida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi mutasaddilarini o‘z faoliyati bilan batafsil tanishtirib o‘tdi. Xalqaro mutaxassislarning taʼkidlashicha, har bir bellashuvda 5 nafar hakamdan tashqari alohida 2 maxsus vakil orqali referilarning qarori nazorat qilib boriladi. Bahs yakunida eʼlon qilingan qaror qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Qo‘shimcha qilinishicha, janglarda shubhali holatlar alohida o‘rganib boriladi va o‘z ishiga noprofessional yondashgan hakamlar Olimpiya o‘yinlaridan chetlatilish va uyiga jo‘natib yuborilishi belgilab qo‘yilgan.

Text to speech