Sport vazirligining hayʼat yigʻilishi oʻtkazildi
Bugun Sport vazirligining navbatdan tashqari hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Vazir Adham Ikramov raisligida oʻtgan tadbirda mamlakatimiz sport tizimidagi barcha tashkilotlarning rahbar va mutasaddilari ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, mas’ullar ommaviy sportni yanada rivojlantirish, “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” dasturining soʻnggi bosqichi — “Prezident Olimpiadasi” bahslariga tayyorgarlik, shuningdek, sport ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Videoselektorda terma jamoalarimizning Ozarbayjonda bo'lib o'tgan MDH o'yinlari va Bahraynda o'tkazilgan yoshlar Osiyo o'yinlaridagi natijalarining tahlili, shuningdek, ayni kunlarda Saudiya Arabistonida tashkil qilinayotgan Islom birdamligi o'yinlaridagi ishtiroki yuzasidan axborot berildi.
Yakunda Adham Ikramov barcha yoʻnalishlarda ish samaradorligini oshirish, joylarda sport infratuzilmasidan oqilona foydalanish va yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish boʻyicha aniq topshiriq va koʻrsatmalar berdi.









