25 Iyul 2021 1966

G‘alaba muborak! Ulug‘bek Rashitov Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni!

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida delegatsiyamiz hisobiga ilk medalni taqdim qilgan taekvondochimiz Ulug‘bek Rashitov biroz avval final jangini o‘tkazdi. Vakilimiz unda amaldagi jahon chempioni britaniyalik Bredli Sindenga qarshi dayanga chiqdi.

O‘ta keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan bellashuvda hamyurtimiz 34:29 hisobini qayd etdi va Rashitov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, Ulug‘bek Rashitov shu tariqa taekvondochilarimiz orasida Olimpiya o‘yinlarida medal qo‘lga kiritgan ilk vakilimizga aylandi. Uning g‘alabasi esa nafaqat keyingi kun dasturlarida ishtirok etadigan vakillarimiz, balki o‘sib kelayotgan yosh taekvondochilarimizga ham katta motivatsiya bo‘ladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu muvaffaqiyat bilan barcha muxlislarimizni, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasini, sportchimizning yaqinlarini qutlab qoladi. Qolgan vakillarimizga ham Olimpiada davomida muvaffaqiyatli ishtirok tilab qolamiz. Olg‘a, Yangi O‘zbekiston!

Text to speech