Jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashgan qoʻl jangi ustalari taqdirlanishdi
29-may – 3-iyun kunlari Turkiyaning Bursa shahrida qoʻl jangi boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati boʻlib oʻtdi. Unda muvaffaqiyatli ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari 8 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishdi. Shuningdek, 3-8-iyun kunlari Gretsiyaning Lutraki shahrida tashkil etilgan Butunjahon sport oʻyinlari dasturidagi qoʻl jangi bellashuvlarida atletlarimiz 13 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medallarini jamgʻarishdi. Har ikki musobaqada yurtdoshlarimiz umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladilar.
Bugun Sport vazirligida ushbu turnirlarda muvaffaqiyatli qatnashgan sportchi va murabbiylarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Unda sportchilarimiz xizmat qiladigan harbiy tashkilotlar, qolaversa, Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qoʻmitasi, mamlakat qoʻl jangi federatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi.
Rasmiylar hamyurtlarimiz erishgan mazkur ulkan muvaffaqiyat bilan qutlab, ularning kelgusi faoliyatida yanada katta sovrinlarga ega boʻlishlarini tilashdi. Sportchi va murabbiylarga erishgan natijalariga qarab muddatidan avval harbiy unvon, koʻkrak nishonlari va esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi.