9 Iyun 2025 381

Kun dayjesti:

Portugaliya – ikki karra UEFA Millatlar ligasi kubogi sohibi
Futbol boʻyicha UEFA Millatlar ligasi oʻz yakuniga yetdi. Bosh sovrin uchun Portugaliya va Ispaniya terma jamoalari oʻzaro bahs olib borishdi. Asosiy vaqt 2:2 hisobida yakunlangach gʻolib penaltilar seriyasida aniqlandi. “Futbol lotereyasi”da esa portugallar 5:3 hisobida gʻalaba qozonib, ikkinchi bor mazkur sovrinni qoʻlga kiritishdi. Uchinchi oʻrin uchun bahsda Fransiya Germaniya ustidan 2:0 hisobida gʻalaba qozondi.

Roland Garros gʻoliblari aniqlandi
Parij kortlarida tennis boʻyicha Fransiya ochiq chempionati ("Roland Garros") yakunlandi. Erkaklar oʻrtasidagi yakkalik dasturi finalida italiyalik Yannik Sinner va ispaniyalik Karlos Alkaras oʻzaro toʻqnash kelishdi. Dastlabki ikki setni Sinner oʻz foydasiga hal qilganiga qaramay, Alkaras qolgan boʻlimlarda oʻz ustunligini namoyish eta oldi va ajoyib kambek bilan ketma-ket ikkinchi bor ushbu turnir chempionligini qoʻlga kiritdi. Ayollar oʻrtasidagi bahslarda esa amerikalik Kori Gauff belaruslik Arina Sabalenkodan uch setda ustun keldi.

Ertaga katta futbol
Ertaga Osiyo mintaqasida futbol boʻyicha JCh-2026 3-saralash bosqichi nihoyasiga yetadi. Muddatidan avval oʻz tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “A” guruhida soʻnggi turni oʻz maydonida Qatarga qarshi oʻtkazadi. Bugun bosh murabbiylar ishtirokida matbuot anjumani va jamoalarning rasmiy mashgʻulotlari tashkil etiladi.

Text to speech