“Sport – tinchlik elchisi” musobaqasi mamlakatimizdagi diniy oʻquv muassasa talabalarini birlashtirdi
Bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Respublikamizda tahsil olayotgan barcha diniy muassasa talabalarini oʻzida toʻplagan ushbu tadbirda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati ham ishtirok etdi.
Marosimda soʻz olgan rasmiylar oliy va diniy taʼlim muassasalari oʻrtasida sportni ommalashtirish, talabalarni sogʻlom turmush tarzi va jismoniy faollikka jalb qilish, taʼlim muassasalari oʻrtasida sportni targʻib qilish orqali doʻstona aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlashdi.
Musobaqa doirasida yoshlar mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka, kibersport, kurash, arqon tortish, tosh koʻtarish kabi turlar boʻyicha bellashishmoqda.
Shuningdek, sport sohasidagi oʻzaro hamkorlikni davom ettirish va uni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.